Qoʻngʻir ayiq bolasi bilan bogʻliq holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar Ichki ishlar organiga oʻtkazildi

    Davlat ekologiya qoʻmitasi tomonidan Hisor davlat qoʻriqxonasida “Smart” patrul tizimi joriy etilgan boʻlib, hududda 75 dona fotoqopqon oʻrnatilgan.

    Davlat ekologiya qoʻmitasi inspektorlari va tuman IIB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish jarayonida holat, Dehqonobod Davlat oʻrmon xoʻjaligining Qizilsoy oʻrmon boʻlimida 5-aprel kuni sodir etilganligi aniqlandi.

    Video lavhada aks etgan fuqaro “Oqqishloq” MFY hududida yashovchi K. Sh.ning yashash xonadonidan ayiq bolasini tanasidan ajratib olingan terisi borligi aniqlandi. Ayiq bolasi terisi dalolatnoma asosida olib qoʻyilib ekspertizaga yuborildi. Holatdan xabardor boʻlgan barcha fuqarolardan yozma tushuntirish xatlari olindi.

    Yuqoridagi holat bilan Oʻzbekiston Respublikasining “Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi hamda “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Qonunlar talablari qoʻpol ravishda buzilib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 202-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari borligi sababli, toʻplangan hujjatlar Dehqonobod tuman Ichki ishlar boʻlimiga oʻtkazildi.

    Shuni eslatib oʻtish joizki, hozirgi kunda Davlat ekologiya qoʻmitasi tomonidan Hisor davlat qoʻriqxonasida “Smart” patrul tizimi joriy etilgan boʻlib, hududda 75 dona fotoqopqon oʻrnatilgan. Kelajakda yana 50 dona fotoqopqon oʻrnatish rejalashtirilgan.

    Ushbu tizim orqali qoʻriqxona hududini nazorat qilish, monitoring ishlarini olib borish hamda brakonyerlikka qarshi kurashishda foydalanib kelinmoqda.

    Hayvonot dunyosi monitoringini oʻtkazish natijalariga koʻra, mamlakatimizda 600 ga yaqin qoʻngʻir ayiq aniqlangan boʻlib, keyingi yillarda ikki baravar koʻpaygan. Hozirda Hisor qoʻriqxonasida ayiqlar soni 147 boshni tashkil etadi, deb yozmoqda Davlat ekologiya qoʻmitasi matbuot xizmati.