Qizilqum arxarlari — togʻ qoʻylarining kamyob va endemik kichik guruhi boʻlib, ular Pomir-Oloy tizmasining shimoli-gʻarbiy qismida hamda Qizilqum choʻlining past togʻli hududlarida yashaydi.
Oʻzbekiston Qizil kitobi va Xalqaro tabiatni muhofaza qilish Ittifoqining Qizil roʻyxatiga “zaif, soni kamayib borayotgan tur“ maqomida kiritilgan. Bugungi kunda ushbu tur vakillarining umumiy soni 1 800 – 2 000 boshni tashkil etadi.
Ushbu arxarlar kuchli shoxlari, tik yonbagʻirlarda erkin harakatlanish qobiliyati va juftlashish davrida oʻtkazadigan shiddatli “shox janglari“ bilan ajralib turadi. Zarbaning ovozi yuzlab metr uzoqlikdan eshitilishi mumkin.
Maʼlumot uchun, Nurota davlat qoʻriqxonasi 1973-yil dekabr oyida tashkil etilgan boʻlib, Nurota togʻ tizmasining markaziy qismi va shimoliy yonbagʻirlarini qamrab oladi. Qoʻriqxona hududida 247 turdagi hayvon yashaydi, ulardan 31 turi Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.








