Qayd etilishicha, fuqaroga tegishli sumka koʻzdan kechirilganda, 15 dona oʻramdagi jami 14 kg 584 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shundan soʻng, ushbu ajal ogʻusini buyurtma qilgan shaxsni aniqlash yuzasidan tezkor tadbir davom ettirildi. Natijada, Fargʻona viloyatining Toshloq tumanida yashovchi, 1969-yilda tugʻilgan Bekobod tumanida narkotik moddani qabul qilib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Toshkent viloyatining Bekobod tumanida yashovchi, 1992-yilda tugʻilgan shaxs qoʻshni davlatdan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan 9 kg 467 gr “opiy” moddasini sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, tojikistonlik narkokuryer tomonidan Surxondaryo viloyati hududiga kontrabanda yoʻli bilan yetkazib berilgan mazkur ajal ogʻusini Denov tumanida yashovchi, 1994-yilda tugʻilgan fuqaro qabul qilib olib, Toshkent viloyatiga olib kelgani aniqlandi va u ham protsessual tartibda ushlandi.
Qoʻqon shahrida qayd etilgan holatda, “Fargʻona-Qoʻqon” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi. Natijada unda yoʻlovchi sifatida harakatlanayotgan — Qoʻqon shahrida yashovchi, 1967-y.t. fuqaro oʻzining bel qismiga 1 kg 759 gr “gashish” moddasini yashirib olganligi aniqlandi.
Fargʻona shahrida kuzatilgan holatda esa, “Fargʻona-Toshloq” yoʻnalishi boʻylab harakatlanayotgan, 1995-y.t. shaxs boshqaruvidagi “Zaparojes” rusumli avtomashina toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning salon qismida 995 gr “gashish” moddasi borligi aniqlandi va tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Taʼkidlash lozimki, oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida ashyoviy dalil sifatida olingan jami 26 kg 805 gr giyohvandlik vositalari Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.









