Unda Qoʻmita aʼzolari, ekspertlar, tegishli vazirlik, idoralar rahbar va mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda Senatning yigirma beshinchi yalpi majlisida koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Xususan, senatorlar yangi tahrirdagi “Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi Qonunga eʼtiborini qaratdilar. Taʼkidlanganidek, respublikadagi pochta aloqasi xizmatlari bozorining rivojlanish darajasi va jahon pochta aloqasi xizmatlari bozori rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari ushbu sohadagi qonunchilik bazasini qayta koʻrib chiqish va takomillashtirishni taqozo etyapti.

“Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 7 ta bob va 41 ta moddadan iborat. Qonunni ishlab chiqish jarayonida xorijiy davlatlarning pochta aloqasini tartibga solish borasidagi tajribalaridan foydalanilgan.

Jumladan, Ozarbayjon, Shveysariya, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va boshqa davlatlarning qonunchilik hujjatlari hamda Umumjahon pochta ittifoqi aktlari oʻrganilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi pochta aloqasi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradigan maxsus vakolatli organ etib belgilanyapti.

Shuningdek, mazkur Qonun bilan pochta aloqasi sohasida qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat nazoratini Oʻzbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi (“Oʻzkomnazorat”) amalga oshirishi koʻzda tutilgan.

Xavfli pochta va kuryerlik joʻnatmalarini joʻnatish xavfini kamaytirish, pochta va kuryerlik joʻnatmalarining butligini taʼminlash bilan bogʻliq xavf darajasini kamaytirish maqsadida pochta xavfsizligini taʼminlash choralari yuzasidan alohida normalar qoʻshiladi.

Shu bilan birga, abonent pochta javonlari koʻp kvartirali uylarning birinchi qavatlariga bu uylar qurilayotgan paytda qurilish tashkilotlari tomonidan oʻrnatilishi, umumjahon pochta ittifoqi hujjatlariga muvofiq belgilangan majburiyatlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida bajarish uchun pochta aloqasi milliy operatorining maqomi, mutlaq huquqlari va funksiyalari aniq belgilab beriladi.

Senatorlar muhokama jarayonida Qonunda bayon etilgan ayrim moddalarning amaliyotga tatbiq etilishi bilan bogʻliq holatlarga ham eʼtibor qaratdi.

Majlisda 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022-yil I choragidagi ijrosi yakunlari boʻyicha Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.

Davlat dasturi 7 ta ustuvor yoʻnalish boʻyicha 100 ta maqsad va 398 ta banddan iborat boʻlib, ularda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida 318 ta qonun, farmon va qarorlar ishlab chiqish koʻzda tutilgan.

Hisobot davrida dastur ijrosini taʼminlash maqsadida 59 ta normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 12 ta hujjati, Vazirlar Mahkamasining 7 ta qarori, 4 ta idoraviy hujjat va 36 ta boshqa hujjat qabul qilingan.

Majlisda kun tartibidagi masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.