Qonunchilik palatasi Spikeri V.Bozkir bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 7 Iyul 2021 574

    2021-yil 6-iyulda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi raisi V.Bozkirni qabul qildi.

    Oʻtkazilgan uchrashuvda mehmonga Oʻzbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlarning mazmun-mohiyati hamda mamlakatimizning xalqaro maydonda olib borayotgan faoliyati toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.

    V.Bozkir samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston Respublikasi BMT doirasida muhim xalqaro tashabbuslar ijodkoriga aylanayotgani, soʻnggi toʻrt yil ichida yurtimizning BMT bilan koʻp qirrali hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini eʼtirof etdi.

    V.Bozkir Oʻzbekistonni BMT Inson huquqlari boʻyicha aʼzosi boʻlgani bilan tabriklab, inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash borasida erishilgan natijalarni alohida taʼkidladi. Uning fikricha, Oʻzbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga saylanishi ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan saʼy-harakatlarning xalqaro darajada eʼtirof etilganligini koʻrsatadi.

    Shu oʻrinda V.Bozkir Oʻzbekiston bu sohadagi tajribasini boshqa davlatlar bilan oʻrtoqlashishi maqsadga muvofiqligini qayd etdi.

    Oʻzbekiston yangi xalqaro va mintaqaviy tashabbuslariga BMTni faol jalb qilyapti. Mamlakatingizning BMT bilan aloqalari natijasida jahon hamjamiyati bilan oʻzaro hamkorlik borasida oʻziga xos tajriba toʻpladi.

    U Oʻzbekistonning taʼlim sohasidagi, gender tengligini taʼminlash va yoshlarga oid olib borilayotgan islohotlarni ijobiy baholadi.

    V.Bozkir BMT faoliyati haqida gapirib, mazkur nufuzli tashkilot tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlari oddiy insonlar uchun tushunarli va qulay boʻlishi kerakligi, pandemiya sharoitida koʻpgina rivojlanib kelayotgan davlatlar tashqi qarzi koʻpayganligi, shu sababli xalqaro moliya tashkilotlari va qarz bergan qudratli davlatlar ushbu qarzlardan voz kechishi lozimligi hamda vaksinalarni ishlab chiqaruvchi davlatlar tomonidan boshqa davlatlarga mazkur vaksinalarni BMT nazoratga olishi muhimligi haqida ham alohida toʻxtalib oʻtdi.

    Delegatsiya rahbari oʻz faoliyati davrida BMT va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirishini va barcha imkoniyatlarini ishga solishini maʼlum qildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.