Ular ertaga zabardast qoʻllarida chinakam yurt bayrogʻini tutishini oʻylaganda esa beixtiyor koʻzga sevinch yoshlari qalqiydi. Negaki, biz ertamiz, kelajagimiz bugun bayroq tutgan mana shu qoʻllarda ekaniga ishonib yashaymiz.
Poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 312-davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyalanayotgan 195 nafar bolajonlarning ota-onasi ham ana shu ezgu niyatlar bilan ularni shu maskanga yetaklab kelayotgani aniq. Bu yerdagi mehribon tarbiyachilar bolalar tarbiyasiga bugungi zamon talablaridan kelib chiqib yondashishga harakat qilmoqda. Zero, maktabgacha taʼlim butun boshli taʼlim tizimining poydevori ekan, uni mustahkam bunyod etish, taʼlimning keyingi bosqichiga qadam qoʻyayotgan jajji ertamiz egalarining dunyoqarashini har tomonlama boyitish oldimizda turgan dolzarb vazifalardan. Ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalasi, avvalo, ularni davlatimiz ramzlari, turli bayramlarimizga nisbatan hurmat hissida oʻstirishni taqozo qiladi.
Ana shuni inobatga olgan holda mazkur taʼlim tashkilotida ham bironta bayram, qutlugʻ sanalar eʼtibordan chetda qolmaydi. Ayniqsa, siyosiy tadbirlarni nishonlashga jiddiy yondashiladi. Xususan, Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 28 yilligi arafasida boʻlib oʻtgan tantanali tadbirga ham alohida tayyorgarlik koʻrilgani, tarbiyachilarning bolalar bilan astoydil ish olib borgani buning dalolatidir. Oʻzbek va rus tillaridagi sahna koʻrinishlarida bolalar Konstitutsiya qanday hujjat ekani, uning moddalarida nimalar aks etganini murgʻak tasavvurlari doirasida anglashga muvaffaq boʻldilar, desak xato boʻlmaydi. Ayniqsa, Bosh qonunimizning I boʻlimiga dahldor moddalarni ular tilidan eshitish oʻzgacha zavq berdi kishiga. Moddalarga hamohang bayroq, gerb, oʻzbek tili, Toshkent haqida yangragan sheʼrlar, Vatan haqidagi qoʻshiqlar va raqslar kechaga yana-da fayz ulashdi. Ramziy Konstitutsiya kitobi tomonidan berilgan savollar bolajonlarning huquqiy bilimlari nechogʻlik ekanini koʻrsatdi.

— Bolalarimiz uchun sport, raqs, rus, ingliz tili toʻgaraklari tashkil etilgan boʻlib, mazkur toʻgaraklar faoliyatidan ota-onalar ham minnatdor, — deydi taʼlim tashkiloti rahbari Shohsanam Ashirboyeva. — Turli toʻgaraklarda bolajonlar qoʻshimcha bilim olish barobarida oʻtkaziladigan tadbirlarga ham oʻz-oʻzidan tayyorlanib boradilar. Davlatimiz bayrogʻi qabul qilingan kunga bagʻishlab oʻtkazilgan tantanali tadbirdan soʻng, konstitutsiyamizning 28 yilligi munosabati bilan yana bir katta badiiy kechaga tayyorgarlik boshlagan edik. L.Basariyeva, D.Toʻlayeva kabi tarbiyachilarimizning fidoyiligi bilan tarbiyalanuvchilarimiz bugun faollik koʻrsatishdi. Koʻrib turganingizdek, ular gʻoyat koʻtarinki kayfiyatda ishtirok etishdi. Albatta, bu kabi tadbirlar kelajagimiz vorislarini vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashimizda muhim omil boʻladi.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri