Qoʻpol qonunbuzilishiga yoʻl qoʻygan 2 ming 686 nafar shaxs intizomiy jazo oldi

    8 ming 93 nafar mansabdor shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

    Adliya vazirligining navbatdagi kengaytirilgan hayʼat majlisi boʻlib oʻtdi

    Adliya vazirligining kengaytirilgan hayʼat majlisi boʻlib oʻtdi. Videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilgan yigʻilishda adliya organlari va muassasalarining rahbar va masʼul xodimlari ishtirok etdi.

    Majlisda 2024-yil 9 oyligida amalga oshirilgan ishlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.

    Yigʻilishda norma ijodkorligi, huquqiy va davlat xizmatlari koʻrsatish, murojaatlar bilan ishlash, ochiqlik siyosati va boshqa sohalar kesimida tahliliy maʼlumotlar keltirildi.

    Xususan, 1 ming 569 normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan oʻtkazildi. Tashabbus bilan 187 loyiha ishlab chiqildi. Joylarda 420 mingdan ziyod huquqiy targʻibot tadbiri oʻtkazildi.

    Kelib tushgan 123 mingdan ziyod murojaatdan 78 foizi qonuniy hal etilib, fuqaro va tadbirkorlar manfaatida kiritilgan taʼsir choralari natijasida pul mablagʻi undirib berildi.

    Davlat organlarining 44 mingdan ziyod noqonuniy hujjati bekor qilindi. Qoʻpol qonunbuzilishi holatlariga yoʻl qoʻygan 2 ming 686 nafar shaxs intizomiy hamda 8 ming 93 nafar mansabdor shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

    Davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga 8,4 milliondan ortiq xizmat koʻrsatildi. Xizmat koʻrsatish jarayoni va bosqichlari soddalashtirilishi natijasida oʻrtacha xizmat koʻrsatish vaqti 5 daqiqani tashkil etmoqda.

    Yuridik xizmat markazlari tomonidan davlat tashkilotlarining 6,3 milliondan ziyod hujjati loyihalari boʻyicha huquqiy xulosalar berildi.

    Shu bilan birga, sohada ayrim muammolar mavjudligi, jumladan, murojaatlar bilan ishlashda ayrim rahbarlarning qatʼiyatsizligi va huquqni qoʻllash sohasidagi muammolarni hal etishda tizimli yondashuvning yetishmasligi kabi kamchiliklar mavjudligi taʼkidlanib, ularni bartaraf qilish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.