Qoʻqon aeroporti birinchi texnik reysni qabul qildi

    Fargʻona viloyatida “Qoʻqon” aeroportini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi. 20-mart kuni ertalab aeroport birinchi texnik parvozni qabul qildi – “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining A320 NEO samolyoti ekipaji Qoʻqon aeroportiga qoʻndi.

    Viloyat aeroportida uchish-qoʻnish yoʻlagi 2000 metrgacha uzaytirildi hamda A320 va ATR72-600 rusumli samolyotlar uchun ikkita toʻxtash joyiga ega perron rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, aeroportda 100 kishiga moʻljallangan 900 kv.m maydonli yangi yoʻlovchi terminali qurildi.

    “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining tajribali uchuvchilari tomonidan Toshkent – Qoʻqon yoʻnalishi boʻyicha amalga oshirilgan texnik parvoz aerodromning samolyotlarni qabul qilish va joʻnatishga hamda terminalning yoʻlovchilarni qabul qilish va ularga xizmat koʻrsatishga toʻliq tayyorligini koʻrsatdi.

    Muntazam parvozlarni 2024-yil 1-apreldan boshlash rejalashtirilgan.