367,3 milliard so‘mlik qiymatga ega bo‘lgan «Qo‘qon global teks» MChJ loyihasi qurilish ishlari boshlab yuborildi.
Tekstil mahsulotlari, kalava ip ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ushbu korxonada 800 nafar ish o‘rni yaratiladi.
Korxona ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda har yili viloyatda 40-45 ming nafardan ziyod yoshlar mehnat bozoriga kirib kelayotganligini, ular bandligini ta'minlashda yangi korxonalar muhim o‘ringa ega ekanligi ta'kidlandi.
Muassislarning 106,3 milliard so‘m mablag‘lari hamda 261 milliard so‘m bank krediti hisobiga qad rostlayotgan korxona kelgusi yil yakunida foydalanishga topshiriladi. Yillik 10 ming tonnaga yaqin kalava ip hamda tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladigan korxonada yillik 13,7 million dollarlik eksport amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
«MOLLIS» MChJ ham momiq sochiq va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida bunyod etilayapti. Tabdirkorning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan va qiymati 123,6 millird so‘m bo‘lgan bu loyiha ishga tushsa 2 000 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Yiliga 7,5 million dollar qiymatidagi mahsulotlarni xorijga eksport qilish rejalashtirilgan. Korxonaning birinchi bosqichi kelgusi yilning birinchi choragida ishga tushirilishi, 2022-yil yakuniga qadar qurilish ishlarini yakunlab, to‘la quvvat bilan faoliyat yuritishi belgilangan, deb xabar beradi Farg‘ona viloyati hokmligi matbuot xizmati.