“Qoʻqon“ erkin iqtisodiy zonasida ”Yapon sanoat parki" tashkil etiladi

    Fargʻona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Yaponiyaning “Japan DX Co., Ltd” direktorlar kengashi ijrochi raisi Soji Suzuki boshchiligidagi kunchiqar yurt ishbilarmonlari bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Yaponiyaning “Nippon Investment Operating Corporation (NIOC)” hamtaʼsischisi Nabi Mamajan ham ishtirok etdi.

    Samimiy muloqot chogʻida hamkorlik istiqbollari, oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlash haqida soʻz bordi.

    Viloyat hokimi Fargʻona viloyati delegatsiyasining 2022-yilning dekabr oyida Yaponiyaga qilgan amaliy tashrifi, investitsiyaviy kelishuvlar, taʼlim tizimidagi oʻziga xos yapon tajribasi, olgan taassurotlari haqida toʻxtalib oʻtdi. Fargʻona viloyati, joylashgan oʻrni, aholisi, mavjud imkoniyatlari toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

    Viloyatda qishloq xoʻjaligi, chiqindilarni qayta ishlash yoʻnalishlarida va Yapon bogʻini tashkil etish maqsadida yapon korxonalari roʻyxatdan oʻtib, faoliyat boshlaganiga mehmonlar eʼtiborini qaratdi. Shuningdek, “Yapon sanoat zonasi”ni tashkil etish yuzasidan toʻxtalib, yaponiyalik ishbilarmonlarga koʻmak berishga, ularni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

    “Japan DX Co., Ltd” direktorlar kengashi ijrochi raisi Soji Suzuki qabul uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekistonda, xususan, Fargʻonada investorlarga yaratilgan imkoniyatlarga yuqori baho berdi va bundan samarali foydalanishlarini taʼkidladi.

    Muloqot davomida tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida “Yapon sanoat parki” ni tashkil etish boʻyicha anglashuv memorandumini imzoladilar. Unga koʻra, Yaponiyaning zamonaviy texnologiyalarini olib kelish, startap loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgani qayd etildi.

    Maʼlumot oʻrnida, “Japan DX Co., Ltd” kompaniyasi 2020-yilda tashkil etilgan boʻlib, Markaziy Osiyo iqtisodiy salohiyati va yapon texnologiyalariga asoslangan holda korxonalar va boshqa tashkilotlar uchun innovatsion gʻoyalar yaratish bilan shugʻullanadi. Korxonaning asosiy gʻoyalaridan biri bu, Markaziy Osiyoni yaratiladigan yangi startap loyihalari uchun oʻziga xos xab darajasiga olib chiqishdan iborat.