Maʼlumot uchun: Turk dunyosi shaharlari ittifoqi (TDBB) 2003-yil 12-noyabrda umumiy geografik, tarixiy va madaniy qadriyatlarga ega boʻlgan turkiy tilli mamlakatlar shaharlari va viloyatlari bilan faoliyat olib borish maqsadida tashkil etilgan. Bu haqdagi qaror 2000-yilda Ozarbayjonda boʻlib oʻtgan Turkiy tilli davlatlar sammitida qabul qilingan. Ittifoqning bosh qarorgohi Istanbulda joylashgan. TDBB 30 mamlakatdan 1 200 aʼzo-shahar oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha dastur va loyihalarni amalga oshiradi.
Qurultoyda Ittifoqqa aʼzo mamlakatlar vakillari turkiyzabon davlatlar shaharlari oʻrtasida investitsiya, infratuzilmaviy va madaniy rivojlanish yoʻnalishlarida oʻzaro hamkorlikni kengaytirish jihatlarini muhokama qildi. Bir qator hokimlar oʻzlari faoliyat yuritayotgan hududlar farovonligini oshirish, turkiy tilli mamlakatlar va mintaqalarda shahar boshqaruvi faoliyatini kuchaytirish boʻyicha oʻz tajribasi va yondashuvlarini taqdim etdi.
Qurultoy doirasida Turk dunyosi shaharlari birligi ittifoqi Direktorlar kengashining yangi tarkibi tuzildi. Unga Oʻzbekistondan Qoʻqon shahar hokimi Maʼruf Usmonov ham uch yil muddatga saylandi. Bu Ittifoqda mahalliy hokimiyat organlari manfaatlarini ifodalash, Oʻzbekiston va Ittifoq oʻrtasida mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbariyati darajasida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha kelgusi hamkorlikni kuchaytirish imkonini beradi. Bundan tashqari, 27—30-sentyabr kunlari Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan Oltoy hamjamiyatlarining 10-xalqaro simpoziumiga tayyorgarlik koʻrish masalalari muhokama etildi.
2022-yil 11-12-iyun kunlari Turkiyaning Bursa shahrida mahalliy oʻzini-oʻzi boshqarish organlarining xalqaro konferensiyasi boʻlib oʻtadi. Mahalliy hokimiyat vakillari – TDBB aʼzolari bitta maydonga yigʻilib, mahalliy boshqaruv sohasida erishilgan yutuqlarni muhokama etadi. Anjumanda Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolarining chiqishlari ham oʻrin olgan, deb xabar beradi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.