Qo‘qonda Amiriy kutubxonasi ochildi

    Qo‘qon shahrida zamonaviy talablar asosida ta’mirlangan Amiriy nomidagi kutubxona ish boshladi.

    Kitob va kitobxonlik inson kamolotida muhim o‘rin tutadi. Zero, mutolaaga bog‘langan ko‘ngil kitobdan behad ulug‘ ma’naviy ozuqa oladi. Farg‘ona viloyatida ham bu borada ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Barcha mahallalarda viloyat hokimligi tashabbusi bilan “Ziyo” do‘konlari tashkil etildi. Hududlardagi axborot-resurs markazlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kitoblar fondini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Madaniyat va ma’rifat maskani bo‘lgan Qo‘qon shahrida tashkil etilgan yangi kutubxona ana shu ishlarning uzviy davomidir.

    O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tasarrufidagi Amiriy kutubxonasining tantanali ochilish marosimida Qo‘qon shahar hokimi Ma’ruf Usmonov, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshabayeva, viloyat hokimining maslahatchisi Sohibjamol Tongotarovalar mamlakatimizda kitobxonlikni keng targ‘ib etish borasidagi ishlar xususida so‘z yuritdi. Farg‘onaliklarning bu boradagi ezgu tashabbuslari e’tirof etildi.

    Zamonaviy bino va sharoitlarga ega bo‘lgan mazkur kutubxona 120 mingdan ortiq nashrlar fondiga ega bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 70 nafar foydalanuvchiga xizmat ko‘rsata oladi. Ochilish marosimi munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan 5 mingdan ziyod elektron nashrlar hamda qimmatbaho kitoblar sovg‘a qilindi.