Qoʻqonda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar ushlandi

    Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilar avtomobili toʻxtatilib koʻzdan kechirilganda koʻp miqdorda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining xabar berishicha,

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoʻqon shahri boʻlimi va DXX xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda shahardagi Furqat koʻchasi boʻylab harakatlanib kelgan “BESTUNE T 99” rusumli avtomashina toʻxtatilib koʻzdan kechirilganida noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan U.X. va boshqalarga tegishli 2 dona polipropilen qopda inson ruhiyatiga kuchli taʼsir qiluvchi 1 359 dona “Tropikamid”, 3 360 dona “Regapen” va 10 dona “Selofen” nomli dori vositalari hamda 1 dona idishga quyilgan rangsiz suyuqlik borligi aniqlanib, ushbu vositalar ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.