Ushbu xabarlar yuzasidan Madaniy meros agentligi Matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida” qonunga asosan madaniy meros obyektlari ijaraga beriladi.
Ushbu qonunning 23-moddasida Moddiy madaniy meros obyektlariga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etishning oʻziga xos jihatlari belgilangan boʻlib, Moddiy madaniy meros obyektining mulkdori oʻziga qarashli boʻlgan moddiy madaniy meros obyekti yoʻqotilsa uning oʻrnini toʻldirib boʻlmasligi hamda uning tarixiy, madaniy yoki ilmiy ahamiyatini hisobga olgan holda, obyektning ijarasi ijara shartnomasi asosida amalga oshirilishi, unda obyektni saqlash talablari qayd etilgan boʻlishi kerakligi nazarda tutilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-oktyabrdagi 881-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Moddiy madaniy meros obyektlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida” nizomning 20-bandiga muvofiq davlat mulki hisoblangan obyektni bir yilgacha boʻlgan muddatga foydalanishga berish uni qisqa muddatda foydalanishga berish hisoblanadi.
Quyidagi faoliyat (xizmat) turlari uchun davlat mulki hisoblangan obyekt qisqa muddatga foydalanishga berilishi lozim:
- savdo faoliyati;
- esdalik sovgʻalari va hunarmandchilik buyumlarini sotish;
- kompyuter, nusxa koʻchirish va Internet xizmatlarini koʻrsatish;
- foto, video va ekskursiya xizmatlarini koʻrsatish.
Ushbu nizomning 22-bandida 5 yildan 30 yilgacha boʻlgan muddatga obyektni ijaraga berish uni uzoq muddatga foydalanishga berish hisoblanadi.
Obyektni uzoq muddatga ijaraga (foydalanishga) berish investitsiya majburiyatlarini olgan holda, obyekt hududida turizm infratuzilmasi obyektlari, shu jumladan, joylashtirish vositalari joylashgan yoki barpo etiladigan obyektlar berilishi mumkin.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy meros obyektlari va ularga tutash hududlarni ularni obodonlashtirish va zarur holatda saqlash boʻyicha investitsiya majburiyatlarini olgan holda ijaraga berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomining 8-bandiga asosan ijaraga berilgan obyektlardan ularda:
- koʻrgazma zallari;
- mehmonxonalar;
- alkogolli ichimliklar sotilmaydigan umumiy ovqatlanish shoxobchalari (choyxonalar, kafelar, oshxonalar, restoranlar);
- hunarmandchilik markazlari (oʻymakorlik, tikuv, qoʻlda bajariladigan toʻquv ishlari, ganchga, daraxtga naqsh oʻyish, esdalik sovgʻalari tayyorlash), badiiy-ijodiy ustaxonalar;
- savdo faoliyati (alkogolli ichimliklar sotilmaydigan);
- esdalik sovgʻalari va hunarmandchilik buyumlari sotish;
- kompyuter, nusxa koʻchirish va Internet-xizmatlar, fotosalonlar;
- idoralar, agentliklar, turizm byurolari;
- sport zallari, kinoteatrlar;
- banklar, pochta xizmatlari punktlari, avia va temiryoʻl kassalari, maishiy texnikaga servis xizmati koʻrsatish punktlari;
- modalar atelyesi, goʻzallik salonlari, namoyish qilish zallari;
- kutubxonalar, anjuman zallari, muzeylar, bolalar toʻgaraklari, chet tili kurslari tashkil etish maqsadida foydalanish mumkin.
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan uzoq muddatga ijaraga berilgan madaniy meros obyektlari 2023-yil 1-avgust holatiga 19 tani tashkil etadi. Shuningdek, hukumat qarorlari talablari asosida respublika hududida joylashgan davlat mulki boʻlgan madaniy meros obyektlari ijaraga berilgan. Shundan, 2023-yil 1-yanvardan 2023-yil 1-avgust holatiga koʻra 544 ta ijara shartnomasi tuzilgan.
Oʻzbekiston prezidentining “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida “Muzeylarda sovgʻalar (suvenir) doʻkoni, hunarmandlar ustaxonasi va savdo shoxobchalarini tashkil etish hamda ularda muzey ashyolari va kolleksiyalari nusxalari — suvenir mahsulotlari savdosini yoʻlga qoʻyish”, qarorning 6-ilova 9.2-bandida Muzeylar va ularning hududlarida bosqichma-bosqich “Muzey-restoran” yoki “Muzey-kafe”lar tashkil etish vazifasi belgilangan.
Ushbu qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Qoʻqon shahar “Gʻishtkoʻprik” MFY, Istiqlol koʻchasi, 2-uyda joylashgan Xudoyorxon oʻrdasi binosining 40,23 kvadrat metrdan iborat boʻsh turgan qismi hukumat qarorlariga asosan belgilangan tartibda eʼlonga chiqarilgan.