Qor koʻchkisi yuz berganda nima qilish kerak?

    Dolzarb 20 Yanvar 2023 1879

    Favqulodda vaziyatlar vazirligi qor koʻchkisi yuz berganda qanday harakatlarni amalga oshirish kerakligi boʻyicha muhim tavsiyalar berdi.

    Qor koʻchkisining uch turi boʻladi:

    - Yangi yoqqan qordan (qor yogʻishi vaqtida yoki undan keyin hosil boʻladi).

    - Qor qoplami qatlamining buzilishi bilan bogʻliq.

    - Qor koʻchkilari sel oqimlari, koʻchki, oʻpirilish, suv toshqinlariga olib keladi.

    Respublikakmizning 20 foizga yaqin hududi togʻli hududlardan tashkil topgan. Qor koʻchkilari aynan mana shu hududlarimiz uchun xos boʻlgan tabiat hodisasidir.

    Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Jizzax viloyatining Zomin, Forish,

    Samarqand viloyatining Bulungʻur, Toyloq, Urgut,

    Surxondaryo viloyatining Boysun, Sariosiyo, Oltinsoy,

    Qashqadaryo viloyatining Kitob, Dehqonobod, Yakkabogʻ,

    Namangan viloyatining Pop, Chust,

    Toshkent viloyatining Boʻstonliq, Parkent, Ohangaron tumanlari ichida Toshkent va Namangan viloyatlarida sodir boʻladigan qor koʻchkilari asosan aholi harakatlanadigan joylarga toʻgʻri keladi.

    Qor koʻchkisiga duch kelib qolsangiz kuyidagi muhofaza choralari sizga yaqindan yordam beradi:

    - Qor koʻchkisi yaqinlashib qolgan boʻlsa, avvalo, gorizontal holatni egallab, qor yuzasida qolishga harakat qiling.

    - Tizzalaringizni qoringa tortib, kaftlaringiz bilan yuzingizni qor massasidan muhofaza qilishga harakat qiling. Bu holat ogʻiz va burningiz qor bilan toʻlib qolmasligiga va yuzingiz oldida havo boʻshligʻi boʻlishiga yordam beradi.

    - Agar qor ancha masofadagi balandlikda koʻchishni boshlagan boʻlsa, yurishni tezlashtirib yoki yugurib, koʻchki tushayotgan yoʻldan xavfsizroq joyga oʻtib olish yoki tepalikning boʻrtib chiqqan jinsi ortiga, shu joylarda uchragan biron chuqurlikka berkinib olish kerak.

    Qor koʻchkisi tugagandan keyin qanday harakatlar qilinadi?

    - Qor ostidan mustaqil yoki qutqaruvchilar yordamida chiqib olib, badaningizni koʻzdan kechiring va oʻzingizga yordam bering.

    - Koʻchki toʻxtagandan soʻng yuzingiz va koʻkragingiz oldini kengaytirishga harakat qiling. Soʻngra yuqori tomon qaerdayu, pastki tomon qaerdaligini aniqlab olish zarur.

    - Buning uchun soʻlagingizni koʻlingizga olib uni oqizib koʻring. Soʻlak pastlik qaerda ekanligini koʻrsatadi va siz qarama-qarshi tomonga harakat qilishingiz kerak boʻladi.

    - Eng yaqin atrofda joylashgan aholi yashash punktiga yetib borib, roʻy bergan voqea toʻgʻrisida mahalliy maʼmuriyatga xabar bering. Oʻzingizni sogʻlom his qilgan taqdirda ham, baribir tibbiyot punktiga yoki shifokorga murojaat eting.