Qoraqalpog'iston Respublikasi Bo'zatov tumanida zamonaviy IT-markaz ish boshladi

    Bugungi kunda respublikamizning chekka tumanlarida IT bo'yicha yangi o'quv markazlari va shu sohaga ixtisoslashgan maktablar ochilmoqda. Bunda, albatta, yoshlarning komp`yuter texnologiyalariga bo'lgan qiziqishlari kundan-kunga ortib borayotgani hisobga olinmoqda.

    Qoraqalpog'iston Respublikasi Bo'zatov tumanida navbatdagi ana shunday zamonaviy o'n beshinchi IT-markazning tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Unda Bo'zatov tumani hokimi M. Qaypanov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Qoraqalpog'iston Respublikasi hududiy boshqarmasi boshlig'i T. Bakeyev, IT-Park direktori F. Ibragimov hamda mahalla faollari, umumta'lim maktablari o'qituvchi va o'quvchilari ishtirok etdi.

    Shinam xonalarga ega bo'lgan yangi markaz zamonaviy komp`yuter jihozlari, yuqori tezlikda ishlovchi internet tarmog'i bilan ta'minlangan. Shu jumladan, oltita to'garak hamda ikkita komp`yuter xonasi tashkil qilingan.

    IT-Markazda yoshlar veb-dasturlash, mobil robototexnika, android ilovalar yaratish, kibersport, IT- english, grafik dizayn yo'nalishlarida o'qish imkoniyatlariga ega.