Qoraqalpog‘iston Respublikasi delegatsiyasi Tatariston Respublikasi raisi tomonidan qabul qilindi

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari - turizm va madaniy meros vaziri Rasul Zarikeev boshchiligidagi delegatsiya Qozon shahriga tashrifi davomida Tatariston Respublikasi raisi Rustam Minnixanov tomonidan qabul qilindi.

    Rais Rustam Minnixanov delegatsiyani qutlab, Qoraqalpog‘iston madaniyat kunlari doirasidagi tadbirlar muvaffaqiyatli tashkil etilgani va «Qozondagi Sharq bozori» xalqaro milliy madaniyat festivalida ishtirok etayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

    Tatariston va O‘zbekiston hududlari o‘rtasida yaqin munosabatlar yuksak baholanib, joriy yil may oyida Rossiya oliy darajadagi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Hududlararo forumi doirasida Qoraqalpog‘iston va Tatariston o‘rtasida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi bitim o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.

    Shuningdek, hududlararo hamkorlik va savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish, biznes delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini tashkil etish, turizm sohasini ommalashtirish uchun «roadshow» va infoturlar o‘tkazish, talabalar ta’limini tashkil etish muhimligi ta'kidlandi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.