Ushbu festivalь bugunga qadar bir necha viloyatlarda va tumanlarda o'tkazilib, hududlardagi yuzlab iste'dodli dizaynerlar va yoshlarni bir necha kunga bo'lsada birlashib o'zaro fikr almashishlariga sharoit yaratdi.
“Nafosat” festivali, aholi, ayniqsa, yoshlar, tadbirkorlik, dizaynerlik sohasida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar, chet ellik mehmonlar tomonidan juda katta qiziqish bilan kutib olindi.
Unda 600 dan ortiq yosh dizaynerlar, hunarmandchilik, to'qimachilik va dizayn sohasida o'z biznesini yo'lga qo'ygan, yangi o'zbek brendini yaratayotgan tajribali soha vakillari ishtirok etdilar va o'zaro tajriba almashdilar.
Festivalь doirasida bo'lib o'tgan davra suhbatlari, ijtimoiy so'rovlar, milliy va zamonaviy moda ko'rgazmalari yosh avlodning, xotin-qizlarimizning zamonaviy moda, kiyinish madaniyati, milliy an'analar haqidagi fikrlarini yana bir bor o'rganish va haqiqiy holatga baho berish, ular orasidagi yangidan yangi qobiliyat egalarini topish imkonini berdi.
Unda Oliy Majlis Senati va O'zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiyasi a'zolari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o'rganish markazi, Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog'iston Respublikasi boshqarmasi, “O'zto'qimachiliksanoat” uyushmasi mutasaddilari, soha mutaxassislari va yosh dizaynerlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi T. Narbayeva ishtirok etdi va nutq so'zladi.
Festivalь doirasida “Yoshlar modasi, an'analar va zamonaviy yo'nalishlar” mavzusida davra suhbati o'tkazilib, unda bugungi kunda moda sohasidagi yangiliklar, kelgusida mazkur yo'nalishni yanada rivojlantirish borasidagi rejalar, qolaversa, dizaynerlar tomonidan milliylikni o'zida mujassam etgan ijod namunalarini yaratish va ularning targ'ibotini olib borish to'g'risida o'zaro fikr almashildi.
Shuningdek, “Zamonaviy o'zbek ayolining imiji” mavzusida aholi va yoshlar o'rtasida so'rovnoma hamda suhbatlar, Qoraqalpog'iston Respublikasi Mo'ynoq shahrida yosh dizaynerlar va rassomlar o'rtasida milliy hamda zamonaviy eskizlar chizish bo'yicha tanlov, mahalliy va xorijiy dizaynerlar, yoshlar hamda mutaxassislar ishtirokida matbuot anjumani va boshqa ko'plab tadbirlar o'tkazildi.
Bundan tashqari, Qoraqalpog'iston Respublikasi dizaynerlari va hunarmandlari tomonidan yaratilgan milliy va zamonaviy liboslar ko'rgazmasining ochilishi bo'lib o'tdi.
Festivalda Qoraqalpog'iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyatlari yetakchi brendlari va dizaynerlari tomonidan tayyorlangan “Zamonaviy o'zbek modasi, an'analar va yangi dizaynlar” modalar namoyishi ham yig'ilganlarning diqqat markazida bo'ldi.
Tadbir davomida ishlab chiqarish korxonalari faoliyati to'g'risidagi videorolik namoyish etildi hamda “Xotin-qizlar va yoshlarning kiyinish madaniyati” mavzusida seminar-trening o'tkazildi. Sohaning yetakchi mutaxassislari tomonidan o'zbek milliy modasini shakllantirish, yoshlar o'rtasida milliy qadriyatlarimiz va an'analarimizga begona bo'lgan ommaviy madaniyatning salbiy oqibatlarining oldini olish bo'yicha fikrlar bildirishdi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati