Ushbu tashabbus doirasida Hukumat Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) bilan umumiy quvvati 2 000 MVt (Shamol dasturi) boʻlgan yirik shamol energetikasi loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha hamkorlik qilish uchun oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladi. Natijada, 2021-yil oktyabr oyida Shamol dasturi doirasida 100 MVt quvvatga ega birinchi loyiha tenderi muvaffaqiyatli yakunladi.
Mustaqil energiya ishlab chiqaruvchisini tanlash boʻyicha ushbu tender orqali dasturning ikkinchi loyihasi – 200 MVt quvvatga ega navbatdagi shamol elektr stansiyasini Qoraqalpogʻiston Respublikasining Beruniy va Qoraoʻzak tumanlarida barpo etish rejalashtirilgan.
Loyihaning amalga oshirilishiga malakali investorlarni jalb qilish va tanlash maqsadida “Dastlabki malaka hujjatlari toʻplamini taqdim etishga doir soʻrov” (RFQ) jarayoni bilan boshlanuvchi ikki bosqichli tender jarayoniga start berildi. Soʻngra “Taklif uchun soʻrov” (RFP) jarayoni amalga oshiriladi.
Hukumat loyiha uchun RFQ ishga tushirilganini mamnuniyat bilan eʼlon qiladi va ushbu loyihaga qiziqqan ishlab chiquvchi – investorlarni oʻzlarining “Dastlabki malaka hujjatlari toʻplami”ni (SOQ) 2022-yil 30-iyunga qadar (Toshkent vaqti bilan soat 18:00) topshirishlari mumkin, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Shuningdek, xabar orqali barcha manfaatdor investorlarning
- wind.nukus.tender@minenergy.uz
- projectuzbek_wind_fa@synergyconsultingifa.com
elektron pochta manzillari orqali RFQ bosqichida ishtirok etishlari mumkinligi maʼlum qilingan. Bunda RFQ hujjatini yuklab olish va virtual maʼlumotlar portaliga (VDR) kirish huquqini berish uchun qiziqish bildirgan investorlar elektron pochta manzillari roʻyxatini (5 tagacha elektron pochta manzili) taqdim etishlari lozim boʻlishi tushuntirilgan.