Joylarga chiqish mobaynida mavjud muammolarni aniqlash va ularni hal etishning samarali algoritmlarini ishlab chiqish maqsadida tadbirkorlar va investitsiya loyihalari tashabbuskorlari bilan manzilli uchrashuvlar oʻtkazildi. Shuningdek, infratuzilmaviy va ijtimoiy obyektlarning hozirgi holati tahlil qilindi va natijalari boʻyicha mutasaddi rahbarlarga har bir inshootdan kelgusida foydalanish boʻyicha kompleks strategiyani ishlab chiqish topshirildi. Unda obyektlar oʻz xarajatlarini oʻzi qoplashi va aholini ijtimoiy xizmatlar bilan keng qamrab olishi nazarda tutiladi.

Hududda investitsiyaviy va sanoat faoliyatini kuchaytirish borasida navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi – mutasaddi rahbarlarga mavjud xomashyo salohiyati va sanoat imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda qoʻshilgan qiymat zanjirlarini shakllantirish uchun maqbul shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni ishlab chiqish topshirildi. Shu nuqtayi nazardan, loyihaviy takliflarni ishlab chiqishda “iqtisodiy oʻsish nuqtalari”ni aniqlash va ulardan foydalanish muhimligi taʼkidlandi. Bu jalb qilingan investitsiyalar hisobidan sezilarli iqtisodiy samaraga erishish imkonini beradi.

Investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatini ragʻbatlantirishning yangi tizimini faol amalda qoʻllash, foydalanilmayotgan iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlash hamda istiqbolli tarmoqlarda yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish maqsadida hududlarda tashkil etilgan “loyiha guruhlari” va Tadbirkorlar kengashlari faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish topshirildi.

Shu bilan birga, boshqa yoʻnalishlar bilan bir qatorda, kasanachilikka asoslangan sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish orqali mahalliy aholini ish va barqaror daromad manbai bilan taʼminlash uchun sharoitlar yaratish zarurligi taʼkidlandi.

Tegishli vazirlik, idora, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga tadbirkorlik faoliyatini kuchaytirish hamda tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish, eksport salohiyatini yuksaltirish va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratishga qaratilgan manzilli topshiriqlar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.