«Jahondagi vaziyatni koʻrib turibsiz. Anʼanaviy bozorlarni saqlab qolish, yangilariga kirib borish, buning uchun logistika marshrutlarini diversifikatsiya qilish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Nima uchun bu yilgi ochiq muloqotni aynan Qoraqalpogʻistonda oʻtkazyapmiz? Chunki Qoraqalpogʻistonga investitsiya kiritib, biznes qilishni boshqa hududlarga nisbatan 3 ta ustunligi bor. Birinchisi – Qoraqalpogʻistonda biznes uchun birorta hududda yoʻq 50 dan ortiq imtiyozlar paketi qilib berilgan. Ikkinchisi – Qoraqalpogʻistonda yer ajratishning sodda tizimi joriy etilgan. Uchinchisi – katta bozorlarga chiqish uchun eng qulay hududimiz, bu – Qoraqalpogʻiston», - dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari qoraqalpogʻistonlik tadbirkorlarni kelgan mehmonlarga bu yerdagi sharoitlarni koʻrsatish, loyiha qilish boʻyicha birgalikda takliflar ishlab chiqishga chaqirdi va barchasini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Ochiq muloqot yakuni bilan “Qoraqalpogʻistonda biznes qiling” dasturi qabul qilinishi belgilandi.

Soʻng davlatimiz rahbari tadbirkorlarning amaliy taklif va tashabbuslarini tinglab, ular bilan fikr almashdi.