Qoraqalpogʻistonda profilaktika inspektori keksa fuqaroning uyi va pulini oʻzlashtirib olgani aniqlandi

    Profilaktika inspektori oʻz jinoyatini yashirish maqsadida turar joyni hadya shartnomasi orqali turmush oʻrtogʻiga qayta rasmiylashtirib bergan. Oʻzlashtirgan pullariga opasining nomiga “Lacetti” xarid qilgan.

    Ijtimoiy tarmoqlarda JIB Nukus shahar sudi sudyasi tergov organi tomonidan qoʻyilgan ayblovlarni asossiz olib tashlab, hukm chiqargani haqidagi xabarlar tarqaldi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

    Maʼlum qilinishicha, mazkur jinoyat ishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasi tomonidan Nukus shahar IIO FMB profilaktika inspektori A.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan qoʻzgʻatilgan.

    Tergovda toʻplangan dalillarga koʻra, profilaktika inspektori A.M. oʻziga biriktirilgan mahallada istiqomat qiluvchi keksa yoshdagi O.Ye.ning yaqin qarindoshlari yoʻqligi va aqli norasoligidan foydalanib, uning mulklarini qoʻlga kiritish maqsadida, goʻyoki Ye.O. jamoat joylarida yurish-turish qoidalarini buzib yurgani toʻgʻrisida 1-son ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi rahbariga bildirishnoma yozib, majburan shifoxonaga joylashtirib, uni uyidan chiqarib yuborishga va ozodligini cheklashga erishgan.

    Soʻngra, u O.Ye.ga qarashli turar joyga egalik huquqini tasdiqlovchi orderni soxtalashtirish orqali kadastr idorasi xodimi Ch.S. koʻmagida qalbaki kadastr hujjatlarini tayyorlab, turar joyni oʻzining nomiga rasmiylashtirishgan.

    Profilaktika inspektori A.M. jinoyatlarini yashirish maqsadida, turar joyni turmush oʻrtogʻi O.D.ga hadya shartnomasi orqali qayta rasmiylashtirib, Ye.O.ning juda koʻp miqdordagi mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilgan.

    Shuningdek, profilaktika inspektori jabrlanuvchi Ye.O.ning ojizligidan foydalangan holda qoʻlga kiritgan bank plastik kartasidagi pul mablagʻlarini oʻz ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

    Bundan tashqari, u O.Ye.ning bankdagi omonat hisob-raqamida saqlanayotgan juda koʻp miqdordagi pullarini bank xodimlarini goʻyoki egasiga berish uchun olayotganligiga ishontirib, qoʻlga kiritishga erishgan.

    A.M. yuqoridagi jinoiy harakatlari natijasida qoʻlga kiritgan Ye.O.ning juda koʻp miqdordagi omonat pullariga opasining nomiga “Lacetti” rusumli avtomashina xarid qilib, jinoiy daromadlarini legallashtirgan.

    Tergov natijasiga koʻra, profilaktika inspektori A.M.ga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 2-qismi “a” bandi, 228-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari, 228-moddasi 3-qismi, 169-moddasi 4-qismi “a” bandi, 243-moddalari hamda kadastr idorasi xodimi Ch.S.ga JKning 228-moddasi 2-qismi “a” bandi, 228-moddasi 3-qismi va 28,169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan ayb eʼlon qilinib, jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilgan.

    Biroq Nukus shahar sudi sudyasi 07.06.2024-yildagi hukmiga asosan tergov organi tomonidan A.M.ga JKning 169, 228, 243-moddalari bilan qoʻyilgan ayblovlarni asossiz ravishda olib tashlab, JKning 206-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topib, 2-yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilgan holda, 2-yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlagan.

    Xuddi shunday, kadastr idorasi xodimi Ch.S.ning ayblovidan JKning 228-moddasi 3-qismi va 28,169-moddasi 4-qismi “a” bandi olib tashlanib, JKning 228-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilgan.

    Bundan tashqari, sud hukmi bilan tergovda jabrlanuvchi O.Ye.ning soxta hujjatlar asosida begonalashtirilgan turar joyi talon-toroj etilishi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash maqsadida undirilgan 180 mln. 50,7 ming soʻm pullarni sudlanuvchiga qaytarib berish belgilangan.

    Prokuratura organlari tomonidan apellyatsiya muddatida ish hujjatlari oʻrganilib, mazkur sud hukmi roʻyi-rost asossiz, adolatsiz va noqonuniy deb topilib, sud qarorini bekor qilish haqida protest keltirildi.

    Ish apellyatsiya instansiyada koʻrilishida, malakali prokuror ishtiroki taʼminlanadi.