Qarorga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq va Qoʻngʻirot tumanlarida yuridik shaxs tashkil qilgan holda, umumiy maydoni 280 507 gektar boʻlgan davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklidagi “Sudochye-Akpetki” davlat buyurtma qoʻriqxonasini (keyingi oʻrinlarda - buyurtma qoʻriqxonasi) tashkil qilinadi.
Shuningdek:
– buyurtma qoʻriqxonasi uchastkalarining qoʻriqlanma zonalaridagi yerlar ushbu hududlarda joylashgan yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar ixtiyorida qoladi;
– buyurtma qoʻriqxonasi Davlat ekologiya qoʻmitasining tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi;
– buyurtma qoʻriqxonasining faoliyati Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti mablagʻlari, Davlat ekologiya qoʻmitasining Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish jamgʻarmasi hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
– “Sudochye koʻllar tizimi” uchastkasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda baliq ovlashga, koʻldagi gidrologik holatni yaxshilash maqsadida koʻl tubini tozalash tadbirlariga hamda kvota asosida qamish oʻsimligidan foydalanishga ruxsat etiladi;
– buyurtma qoʻriqxonasining:
“Sudochye koʻllar tizimi” uchastkasida - qirgʻoq landshaftlari, kanallar, kollektorlar va ulardagi suv oqimi, suv, suv atrofida yashovchi qushlar, noyob, yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan baliqlar, yirtqich qushlar va sut emizuvchi hayvonlar;
“Akpetki” uchastkasida - suvda va suv atrofida yashovchi qushlar, noyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan yirtqich qushlar, sut emizuvchi hayvonlar muhofazaga olinadigan asosiy obyektlar hisoblanadi.
Shuningdek, qarorga koʻra, 2021-yil yakuniga qadar Sudochye koʻlini xalqaro ahamiyatga (Ramsar konvensiyasi) ega boʻlgan suvli-botqoq joylar roʻyxatiga kiritish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish vazifasi qoʻyilgan.