Kecha, 26-may Nukusda – Orol boʻyi hududida onalar va yangi tugʻilgan chaqaloqlar salomatligini yaxshilash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligiga qiymati bir million AQSH dollari boʻlgan zamonaviy tibbiyot uskunalari topshirildi.

Ushbu yordam Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston sogʻliqni saqlash vazirliklari, YUNISEF va YUNFPA tomonidan tadbiq qilinayotgan “Eng yordamga muhtoj onalar va yangi tugʻilgan chaqaloqlarga perinatal yordam xizmatining sifatini oshirish” qoʻshma loyihasi doirasida amalga oshirildi. Mazkur hamkorlik onalar va yangi tugʻilgan chaqaloqlar salomatligi muhofazasi sohasida katta yutuqlarga erishishga oʻz hissasini qoʻshdi.

Loyiha boshlanganidan beri Qoraqalpogʻistondagi barcha onalar va yangi tugʻilgan chaqaloqlarning 21 foizi (12000 dan ortiq onalar va 12000 dan ortiq yangi tugʻilgan chaqaloqlar) Qoʻngʻirot va Beruniy rayonlari hamda Nukus shahridagi perinatal markazlarda takomillashtirilgan zamonaviy infratuzilma va tibbiy xizmat sifatining yaxshilanishidan bahramand boʻlishdi. Uchchala tibbiyot muassasasida ham erta neonatal oʻlim koʻrsatkichi sezilarli darajada pasayib, oʻrtacha 22 foizga kamaydi.

“Loyiha tibbiy xizmatlar sifatini, xususan chekka qishloq hududlarida, yaxshilash uchun sogʻliqni saqlash sohasida hukumat va hamkorlar oʻrtasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlaydi. Bu ona va bola salomatligi hamda reproduktiv salomatlik xizmatlarini koʻrsatish borasida mahalliy sogʻliqni saqlash tizimining texnik va institutsional salohiyatini oshirishga hamda erta tashxis qoʻyish boʻyicha ishlarni rivojlantirishga koʻmak beradi,” - dedi YUNFPAning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yu Yu.

Loyihani tatbiq qilish davomida YUNISEF va YUNFPA hukumatning Qoʻngʻirot va Beruniy tumanlari hamda Nukus shahridagi perinatal xizmatlar sifatini yaxshilash boʻyicha saʼy-harakatlariga katta hissa qoʻshdilar.

600 dan ortiq sogʻliqni saqlash xodimlari onalar va yangi tugʻilgan chaqaloqlarni omon qolishiga yordam berish amaliyoti boʻyicha oʻquv kurslarida oʻqidilar. Yangi tugʻilgan chaqaloqlarni parvarishlash hamda homilador ayollar uchun maslahatlar sifatini yaxshilash orqali perinatal markazlardagi tibbiyot xodimlarining malakasi oshirildi. COVID-19 vaziyati bilan bogʻliq karantin cheklovlari sharoitida YUNISEF va YUNFPA masofadan oʻqish uchun axborot kommunikatsiya vositalarini yetkazib berishdi.

Qoraqalpogʻiston sharoitini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan loyiha Orol dengizi hududidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan onalar va yangi tugʻilgan chaqaloqlar uchun sifatli perinatal tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashni maqsad qilgan edi. Bu borada sezilarli progressga erishildi.

“Endi Qoraqalpogʻiston aholisining 50 foizidan koʻprogʻi ushbu tugʻruqxonalarda ixtisoslashgan perinatal yordamdan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi,” - dedi YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. “Ushbu loyihadan koʻplab saboqlar olindi va yangi uslublar ishlab chiqildi. Umid qilamizki, hukumat ushbu tajribani qoʻllab-quvvatlab, uni boshqa tumanlardagi tibbiyot muassasalarida ham tadbiq etadi,” - deya taʼkidladi u.

Bugungi tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasiga yangi tugʻilgan chaqaloqlar intensiv terapiyasi boʻlimlari va operatsiya xonalari uchun 300 ta tibbiyot uskunalari topshirildi. Jarrohlik asboblari, elektrokardiografiya jihozlari, ultratovush tashxisi apparatlari, doimiy ijobiy musbat havo bosimi apparatlari va boshqa muhim uskunalar shular jumlasiga kiradi.

2019-yil avgust oyidan buyon amalga oshirilayotgan loyiha Oʻzbekistondagi Orol dengizi mintaqasida odamlar xavfsizligi boʻyicha BMTning koʻp hamkorlik trast fondi tomonidan ajratilgan 1,6 million AQSH dollari miqdorida moliyalashtirilgan boʻlib, Oʻzbekiston, Norvegiya, Finlyandiya, Koreya Respublikasi hukumatlari va Yevropa Ittifoqi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan, deya xabar beradi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati.