Joriy yilning 29-may kuni 1-Qoraqalpogʻiston okrug saylov komissiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

 Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining tarkibini tasdiqlash masalasi koʻrib chiqildi. 

Shuningdek, saylovni oʻtkazish boʻyicha ish rejaga muvofiq amalga oshiriladigan tadbirlar muhokama qilindi. 

Yigʻilish kun tartibidagi masala, yaʼni uchastka saylov komissiyalarini (USK) tuzish masalasi yuzasidan Okrug saylov komissiyasi raisining oʻrinbosari Sapargul Utemuratovaning axboroti tinglandi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi uchastka saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar xalq deputatlari Nukus shahar va barcha tuman Kengashlarining tegishli sessiyalarida muhokama qilinib, tasdiqlash uchun 1-Qoraqalpogʻiston okrug saylov komissiyasiga taqdim qilindi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 23-moddasiga muvofiq, uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganida besh — oʻn toʻqqiz nafar aʼzodan, shu jumladan rais, rais oʻrinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuziladi. Agar komissiya yetti nafargacha aʼzodan iborat tarkibda tuzilsa, rais va kotib saylanadi.

Uchastka saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taklif etilib, bu nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi. 

Kun tartibidagi masala yuzasidan Okrug saylov komissiyasining kotibi Maqset Utepbergenov, komissiya aʼzolari A.Bayriyeva, U.Asanovlar ham fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdi.

Muhokamalardan soʻng 1-Qoraqalpogʻiston okrug saylov komissiyasi raisi T.Atamuratov tomonidan “Uchastka saylov komissiyalari tarkibini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi qaror loyihasi ovozga qoʻyildi va bir ovozdan maʼqullanib, tegishli qaror qabul qilindi.

Maʼlumot uchun: 1-Qoraqalpogʻiston okrugi hududida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 654 uchastkalariga jami 6 ming 266 nafar komissiya aʼzolari tasdiqlandi. Mazkur komissiya aʼzolarining 85 foizi oldin ham shu kabi siyosiy tadbirlarda ishtirok qilgan boʻlsa, komissiya aʼzolarining 50,9 foizini xotin-qizlar tashkil qiladi.

Uchastka saylov komissiyalarining 3 ming 835 nafari xalq taʼlimi, 132 nafari oliy taʼlim va 1 ming 442 nafari davlat idoralari va muassasalari xodimlari boʻlsa, 497 nafari oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari kiritilgan. Uchastka komissiyalari orasida 134 nafar huquqshunoslar, 546 nafar shifokorlar, 225 muhandislar, 270 nafar iqtisodchilar, 4 ming 52 nafar pedagoglar, 28 nafari jurnalistlar va boshqa kasb egalaridir. Shu bilan birga komissiya aʼzolari tarkibida qoraqalpoq, oʻzbek, qozoq, rus, tojik, koreys va boshqa millat vakillari bor.