Sirdaryo viloyatining bir guruh mutasaddilari Qoraqolpogʻiston Respublikasi Qonlikoʻl tumani aholisining ijtimoiy ahvolini oʻrganish, ularda tadbirkorlikka boʻlgan qiziqishni uygʻotish va ularni tadbirkorlikka jalb qilgan holda bandligini taʼminlash, ijtimoiy himoyaga muhtojlikdan chiqarish uchun ishchi guruh sifatida safarbar etildi.

Ishchi guruh ikki kun davomida hududda boʻlishib, aholi xonadonlariga uyma-uy kirib, turmush sharoitlarini, xohish-istaklarini oʻrganishdi. Oʻrganish davomida tuman aholisining 20 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, doimiy bandligi taʼminlanmagan ayollari tanlab olinib, Yangiyer sanatoriyasiga davolanish uchun olib kelindi.

Bu ayollar sihatgohda davolanish bilan bir qatorda, maʼnaviy, madaniy hordiq chiqaradilar. Shuningdek, ularni kasbga qayta tayyorlash uchun oʻquv kurslarida oʻqitish ham rejalashtirilgan. Qolaversa, bu tashabbusdan koʻzlangan maqsad, viloyatda tibbiy va ichki turizmni rivojlantirish borasida yaratilgan shart-sharoitlar, “Koʻxna Xovos tepaligi” hamda Sardoba tumanidagi qadimiy “Sardoba” suv saqlash inshootlari bilan ularni yaqindan tanishtirishdan iborat.

Yangiyer shahar hokimligi matbuot xizmati