Qoraqalpoqlik hokim yordamchilari Uychi tajribasini o'rganish uchun Namanganga kelishdi

    Qoraqalpog'iston Respublikasining Amudaryo tumani hokim yordamchilari va tadbirkorlari Uychi tumanida yangi ish o'rinlari yaratilishi va tadbirkorlar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

    Mehmonlar dastlab "Qumtepa" kichik sanoat zonasida bo'lishdi. 3,1 gektar maydonni egallagan mazkur KSZda temir darvozalar tayyorlash bo'yicha 12 ta loyiha amalda. Natijada 60 nafar ishsiz fuqaro bandligi ta'minlangan.

    Xo'jaobod MFYda faoliyat ko'rsatayotgan tadbirkor Ilhomjon To'xtamirzayevning 25 turda chinni buyumlar ishlab chiqarish va kasanachilik asosida bezak berishni tashkil etish loyihasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg'otdi. Ta'kidlash joiz, ishbilarmon o'z xonadonini kulolchilik korxonasiga aylantirgan va ellikdan ortiq ishsiz xotin-qizning haq to'lanadigan mehnat bilan mashg'ulligiga erishgan.

    Uychi hokimligi axborot xizmati yozishicha, amudaryolik hokim yordamchilari bu tajribalarni o'z tumanlarida qo'llash yuzasidan fikrlashib oldilar.