“Qoʻriqtom” madaniy markazi 2020-yil 26-sentyabrda Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan 2019-yilning mart oyida ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida tashkil etilgan.
Markaz qoshida kompyuter, tikuvchilik, qoʻshiq, dutor, gimnastika va tasviriy sanʼat toʻgaraklari xamda kutubxona tashkil qilingan boʻlib, ularga jami 100 dan ziyod yoshlar aʼzo.
Markazni ochishdan asosiy maqsad isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga koʻmaklashish, nafaqat yoshlar, balki aholining umumiy madaniy darajasini oshirish va ularga madaniy xizmat koʻrsatishdan iboratdir.
Markazda yoshlarni madaniyat, sanʼat va sportga keng jalb etish, yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari, oʻz isteʼdodlarini har tomonlama namoyish etishlari va rivojlantirishlari uchun zarur boʻlgan barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Jumladan, yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish uchun maxsus toʻgarak ochilgan.
Yoshlarni madaniyat va sanʼatga jalb etish maqsadida qoʻshiq, rubob va tasviriy sanʼat toʻgaraklari faoliyat olib bormoqda.
Tumanda sportni rivojlantirishning va aholi salomatligini mustahkamlashning muhim vositalaridan biri sifatida sport toʻgaragi faoliyat olib bormoqda. Mazkur toʻgarak aʼzolari gimnastika boʻyicha respublika miqyosida oʻtkazilgan musobaqalarda turli yutuqlarga erishib kelishdi.
Bundan tashqari, markaz qoshida yoshlarni maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish maqsadida muntazam ravishda kitobxonlik boʻyicha tadbirlar tashkilashtirilib turilmoqda.
Oʻz navbatida, elchixona “Qoʻriqtom” madaniy markazining faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida maktab va maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalar uchun Italiyadan ingliz tilida chop etilgan kitoblar hamda mobil kompyuter (leptop) yuborishni oʻz zimmasiga oldi.