Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlarining tezkor harakatlari natijasida Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi hududida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yirik yong‘inning oldi olindi, deya xabar beradi FVV axborot xizmati.

Ta’kidlanishicha, Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasining Maydontol bo‘limi hududida 8 iyul kuni kechasi kichik yong‘in sodir bo‘lgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligining O‘rmon yong‘inlarini bartaraf etish maxsus otryadi zudlik bilan voqea joyiga yetib bordi.

Qisqa vaqt ichida FVV xodimlarining tezkor va malakali harakatlari natijasida yong‘in o‘chirildi va shu orqali o‘rmonning katta hududiga tarqalishi mumkin bo‘lgan yong‘inning oldi olindi.

"Jarayonga Mudofaa vazirligi, shuningdek, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirliklarining kuch va vositalari ham jalb etildi. Yong‘inni bartaraf etish jarayoni Favqulodda vaziyatlar vaziri A.Qo‘ldoshev tomonidan nazoratga olindi", deyiladi xabarda.