“Mahalla” xayriya jamoat fondi Xorazm viloyat bo'limi boshqaruvi hamda fondning Qo'shko'pir tuman bo'linmasi xodimlari ham Navro'z umumxalq bayrami oldidan Qo'shko'pir tumanda istiqomat qilib kelayotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta'minlangan, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar holidan xabar olib, tumanning Shixobod, Xonobod, Oltin voha, Qorovul mahallalarida yashovchi, nogironligi bo'lgan fuqarolarga nogironlik aravachasini topshirdi.
— Ko'pdan buyon, to'rt muchasi sog' bo'lgan, sog'lom insonlar kabi ko'chalarni aylanishni, birovga og'irligim tushmasdan u-bu joyga borishni, qo'shnilar bilan suhbat qurishni xohlardim, — deydi shixobodlik Guliston Ashirova. — Bugun fond xodimlari yordami bilan bu niyatimga yetdim. Navro'z umumxalq bayrami oldidan menga nogironlar aravachasini taqdim etishdi. Mushkulim oson bo'ladigan, nogironlar aravachasi yordamida qo'ni-qo'shnilar bilan dildan suhbat quradigan bo'ldim.
Muhimi, ozginagina e'tibor va rag'batdan so'ng, ushbu fuqarolarning qalblarida quvonch, yuz-ko'zlarida hayotga bo'lgan ishonch nishonalari namoyon bo'ldi, e'tibordan chetda qolmaganliklarini dildan his etishdi.
Bu kabi tadbirlar viloyatning boshqa tumanlarida ham davom etyapti. Fond xodimlari tomonidan ana shunday insonlarga bayram oldi saxovat ulashilyapti.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi
Xorazm viloyat bo'limi matbuot xizmati