Mazkur tashabbus oʻtgan yilning 28-29-may kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Italiya Bosh vaziri Jorja Melonining Samarqandda boʻlib oʻtgan uchrashuvida ilgari surilib, ikki davlat oʻrtasidagi ilm-fan, taʼlim sohasidagi hamkorlikning yangi yoʻnalishi sifatida belgilangan edi. Shundan soʻng Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Italiyaning Tushia universiteti oʻrtasida rasmiy kelishuv imzolandi. Bugun ushbu tashabbus amalda.

Kelishuvga koʻra, institutimizda ikki bakalavriat va ikki magistratura yoʻnali­shida qoʻshma taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻ­yildi. Jumladan, bakalavriat bosqichida agronomiya, oziq-ovqat texnologiyasi taʼlim yoʻnalishlari, magistratura bosqichida esa organik dehqonchilik va bioiqtisodiyot (sir­kulyar iqtisodiyot) mutaxassisliklari tash­kil etildi.

Rivojlangan mamlakatlarning oliy taʼ­lim tizimida qoʻshma kampus loyihasi ham mavjud. Respublikamizda esa xorijiy oliy taʼlim muassasasining qoʻshma kampusi ilk bor yoʻlga qoʻyildi. Xorijiy oliy taʼlim muassasasi filialidan qoʻshma kampusning farqli jihati shundaki, u yuridik shaxs ma­qomida boʻlmaydi. Ammo hamkor muassasa bi­lan birgalikda kelishuv asosida kadrlar tayyorlab, qoʻshma loyihalarni amalga oshiradi.

Qoʻshma taʼlim dasturi xalqaro stan­dartlar, ikki tomonlama oʻquv rejalari va oʻqitish metodikalari asosida kechadi. Ta­labalar oʻqish jarayonida ikki davlatdagi taʼlim muassasalarida navbatma-navbat tahsil olishi, oʻquv dasturi yakuniga koʻra esa har ikki oliy taʼlim muassasasi to­monidan tan olinadigan diplom berilishi belgilangan. Qoʻshma kampus Oʻzbekiston ag­rar taʼlim tizimi rivojida yangi bosqichni boshlab berib, mamlakatimiz yoshlariga dunyo darajasida bilim olish va xalqaro tajri­baga ega boʻlish imkoniyatini taqdim etadi. Shuningdek, talabalarga Italiyada amaliyot oʻtash, xalqaro ilmiy tadqiqotlarda ishti­rok etish va akademik tajriba almashishga sharoit yaratadi.

Ushbu kampusda tahsil olayotgan talaba­larga darslar mahalliy oʻqituvchilar qatori­da italiyalik professor-oʻqituvchilar tomo­nidan toʻgʻridan toʻgʻri hamda onlayn tarzda oʻtiladi. Qolaversa, institutimiz Italiya­ning boshqa oliy taʼlim muassasalari bilan ham hamkorlikni rivojlantirmoqda. Masa­lan, joriy yilning 18-19-fevral kunlari Rim shahrida Italiya — Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari rektorlarining II fo­rumi boʻlib oʻtdi.

Forumda Italiya Universitetlar va tad­qiqotlar vazirligi, Oʻzbekiston Oliy taʼ­lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, CRUI — Italiya universitetlari rektorlari kon­ferensiyasi, shuningdek, ikki davlatning yetakchi oliy taʼlim muassasalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi. Dastur doirasida yalpi majlis, qoʻshma ilmiy tanlov natijala­rini taqdim etish, gʻolib loyihalarni eʼlon qilish hamda ikki tomonlama kelishuvlarni imzolash marosimlari oʻtkazildi.

Shuningdek, forum doirasida Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institu­ti hamda Italiyaning Tushia, Piza va Padua universitetlari bilan istiqbolli hamkor­lik oʻrnatildi. Jumladan, Tushia universi­teti bilan “GREEN-ESG: Strengthening ESG & Sustainability Reporting Capacities for Smart and Resilient Agro-Industries” mavzusidagi lo­yiha, tomonlar oʻrtasidagi institutsional hamkorlikni yanada mustahkamlash, Erasmus+, Horizon Europe, PRIMA va boshqa xalqaro mo­liyalashtirish dasturlari doirasida qoʻshma loyiha-takliflarni ishlab chiqish, tizimli ilmiy tadqiqot hamda qoʻshma ilmiy tashab­buslarni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi. Talabalar, professor-oʻqituvchilar va maʼ­muriy xodimlarning akademik mobilligini, qoʻshma kampus doirasida taʼlim dasturlari­ni kengaytirish, qishloq xoʻjaligi, oziq-ov­qat tizimlari, innovatsiya, raqamli trans­formatsiyani ilgari surish kabi maqsadlarni qamrab olgan bitim imzolandi. Bundan tash­qari, institutimizdagi qoʻshma kampusda grant asosida “Sendvich PhD” kursi tashkil etiladigan boʻldi.

Piza universiteti bilan “Farm2App — daladan dasturxongacha: barqaror oziq-ovqat taʼminoti zanjirini takomillashtirish va oʻqitish uchun oʻyinga asoslangan raqamli yondashuvlar hamda innovatsion ekotizim” mavzusidagi grant loyihani amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Loyiha ikki davlat tomonidan moliyalashtiriladi.

Padua universiteti hamda Italiya mil­liy tadqiqotlar markazi bilan muayyan lo­yihani grantga qayta taqdim etish va qoʻshma ishchi guruh tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Forum doirasida institutimiz bitiruv­chilarining Tushia universitetidagi oʻqish jarayoni, ilmiy faoliyati va yashash sharoiti bilan tanishdik. Hozir mazkur universitet­ning magistratura bosqichida Qishloq xoʻja­ligi vazirligi granti asosida 5 bitiruvchi­miz tahsil olmoqda.

Safar davomida Tushia universitetida qoʻshma kampus doirasida yangi taʼlim yoʻ­nalishlarini ochish, qoʻshma PhD dasturini yoʻlga qoʻyish, Erasmus+, Horizon Europe va boshqa xalqaro dasturlar doirasida qoʻsh­ma loyihalar tayyorlash, akademik mobil­likni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar natijasida 2026-yil mart oyida qoʻshma taʼlim yoʻnalishlariga qabul eʼlon qilish, 2026-yil yakuniga qadar qoʻsh­ma doktorlik dasturini ishga tushirish, professor-oʻqituvchilar mobilligi borasi­da yangi kelishuv imzolash va ilmiy loyi­halar boʻyicha qoʻshma ishchi guruh tuzishga kelishildi.

Shavkat HASANOV,

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar

instituti rektori, professor