Mazkur tashabbus oʻtgan yilning 28-29-may kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Italiya Bosh vaziri Jorja Melonining Samarqandda boʻlib oʻtgan uchrashuvida ilgari surilib, ikki davlat oʻrtasidagi ilm-fan, taʼlim sohasidagi hamkorlikning yangi yoʻnalishi sifatida belgilangan edi. Shundan soʻng Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Italiyaning Tushia universiteti oʻrtasida rasmiy kelishuv imzolandi. Bugun ushbu tashabbus amalda.
Kelishuvga koʻra, institutimizda ikki bakalavriat va ikki magistratura yoʻnalishida qoʻshma taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, bakalavriat bosqichida agronomiya, oziq-ovqat texnologiyasi taʼlim yoʻnalishlari, magistratura bosqichida esa organik dehqonchilik va bioiqtisodiyot (sirkulyar iqtisodiyot) mutaxassisliklari tashkil etildi.
Rivojlangan mamlakatlarning oliy taʼlim tizimida qoʻshma kampus loyihasi ham mavjud. Respublikamizda esa xorijiy oliy taʼlim muassasasining qoʻshma kampusi ilk bor yoʻlga qoʻyildi. Xorijiy oliy taʼlim muassasasi filialidan qoʻshma kampusning farqli jihati shundaki, u yuridik shaxs maqomida boʻlmaydi. Ammo hamkor muassasa bilan birgalikda kelishuv asosida kadrlar tayyorlab, qoʻshma loyihalarni amalga oshiradi.
Qoʻshma taʼlim dasturi xalqaro standartlar, ikki tomonlama oʻquv rejalari va oʻqitish metodikalari asosida kechadi. Talabalar oʻqish jarayonida ikki davlatdagi taʼlim muassasalarida navbatma-navbat tahsil olishi, oʻquv dasturi yakuniga koʻra esa har ikki oliy taʼlim muassasasi tomonidan tan olinadigan diplom berilishi belgilangan. Qoʻshma kampus Oʻzbekiston agrar taʼlim tizimi rivojida yangi bosqichni boshlab berib, mamlakatimiz yoshlariga dunyo darajasida bilim olish va xalqaro tajribaga ega boʻlish imkoniyatini taqdim etadi. Shuningdek, talabalarga Italiyada amaliyot oʻtash, xalqaro ilmiy tadqiqotlarda ishtirok etish va akademik tajriba almashishga sharoit yaratadi.
Ushbu kampusda tahsil olayotgan talabalarga darslar mahalliy oʻqituvchilar qatorida italiyalik professor-oʻqituvchilar tomonidan toʻgʻridan toʻgʻri hamda onlayn tarzda oʻtiladi. Qolaversa, institutimiz Italiyaning boshqa oliy taʼlim muassasalari bilan ham hamkorlikni rivojlantirmoqda. Masalan, joriy yilning 18-19-fevral kunlari Rim shahrida Italiya — Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari rektorlarining II forumi boʻlib oʻtdi.
Forumda Italiya Universitetlar va tadqiqotlar vazirligi, Oʻzbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, CRUI — Italiya universitetlari rektorlari konferensiyasi, shuningdek, ikki davlatning yetakchi oliy taʼlim muassasalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi. Dastur doirasida yalpi majlis, qoʻshma ilmiy tanlov natijalarini taqdim etish, gʻolib loyihalarni eʼlon qilish hamda ikki tomonlama kelishuvlarni imzolash marosimlari oʻtkazildi.
Shuningdek, forum doirasida Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti hamda Italiyaning Tushia, Piza va Padua universitetlari bilan istiqbolli hamkorlik oʻrnatildi. Jumladan, Tushia universiteti bilan “GREEN-ESG: Strengthening ESG & Sustainability Reporting Capacities for Smart and Resilient Agro-Industries” mavzusidagi loyiha, tomonlar oʻrtasidagi institutsional hamkorlikni yanada mustahkamlash, Erasmus+, Horizon Europe, PRIMA va boshqa xalqaro moliyalashtirish dasturlari doirasida qoʻshma loyiha-takliflarni ishlab chiqish, tizimli ilmiy tadqiqot hamda qoʻshma ilmiy tashabbuslarni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi. Talabalar, professor-oʻqituvchilar va maʼmuriy xodimlarning akademik mobilligini, qoʻshma kampus doirasida taʼlim dasturlarini kengaytirish, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat tizimlari, innovatsiya, raqamli transformatsiyani ilgari surish kabi maqsadlarni qamrab olgan bitim imzolandi. Bundan tashqari, institutimizdagi qoʻshma kampusda grant asosida “Sendvich PhD” kursi tashkil etiladigan boʻldi.
Piza universiteti bilan “Farm2App — daladan dasturxongacha: barqaror oziq-ovqat taʼminoti zanjirini takomillashtirish va oʻqitish uchun oʻyinga asoslangan raqamli yondashuvlar hamda innovatsion ekotizim” mavzusidagi grant loyihani amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Loyiha ikki davlat tomonidan moliyalashtiriladi.
Padua universiteti hamda Italiya milliy tadqiqotlar markazi bilan muayyan loyihani grantga qayta taqdim etish va qoʻshma ishchi guruh tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Forum doirasida institutimiz bitiruvchilarining Tushia universitetidagi oʻqish jarayoni, ilmiy faoliyati va yashash sharoiti bilan tanishdik. Hozir mazkur universitetning magistratura bosqichida Qishloq xoʻjaligi vazirligi granti asosida 5 bitiruvchimiz tahsil olmoqda.
Safar davomida Tushia universitetida qoʻshma kampus doirasida yangi taʼlim yoʻnalishlarini ochish, qoʻshma PhD dasturini yoʻlga qoʻyish, Erasmus+, Horizon Europe va boshqa xalqaro dasturlar doirasida qoʻshma loyihalar tayyorlash, akademik mobillikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasida 2026-yil mart oyida qoʻshma taʼlim yoʻnalishlariga qabul eʼlon qilish, 2026-yil yakuniga qadar qoʻshma doktorlik dasturini ishga tushirish, professor-oʻqituvchilar mobilligi borasida yangi kelishuv imzolash va ilmiy loyihalar boʻyicha qoʻshma ishchi guruh tuzishga kelishildi.
Shavkat HASANOV,
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar
instituti rektori, professor