Maʼlum qilinishicha, jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻshrabot tumani sudida Jinoyat kodeksining 122-moddasi (voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash — tahririyat) 1-qismi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi koʻrilishida O.Nazarov suddan yashiringanligi sababli sud ajrimi bilan 13-mayda unga nisbatan qidiruv eʼlon qilinib, ehtiyot chorasi sifatida sirtdan qamoq qoʻllanilgan.
Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida O.Nazarov 2-iyulda ushlanib, tuman IIBning vaqtincha saqlash hibsxonasi (VSH) ga joylashtirilgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, marhum O.Nazarov 4-iyul kuni soat 10:00 larda VSH xodimiga koʻzlariga har xil narsalar (ilon, chayonlar) koʻrinayotganligini aytib, shikoyat qilgan. Shu asosda IIB VSH xodimlari tuman tibbiyot birlashmasi psixiatr-narkologini taklif qilgan va O.Nazarov shifokor koʻrigidan oʻtkazilgan.
Shu kuni soat 21:00 larda O.Nazarov tuman IIBning VSʼHda toʻsatdan vafot etgan.
Tuman IIB VSHdagi O.Nazarov saqlangan hujraga oʻrnatilgan videokamera tasvirlari koʻzdan kechirilganida, O.Nazarov qoʻl oyoqlarini koʻtargancha talvasaga tushib qolganligi aks ettirilganligi aniqlangan. Marhum O.Nazarovning murdasi mutaxassis ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning tanasining tashqi tarafida tan jarohatlari aniqlanmagan.
Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki maʼlumotnomasida O.Nazarovda oʻtkir oʻpka va bosh miya shishi oqibatida oʻlim kelib chiqqanligi koʻrsatilgan.
O.Nazarovning oʻlimi holatiga aniqlik kiritish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasi narkolog-psixiatri, tuman IIB VSʼH va boshqa xodimlarning harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlangan.
Holat boʻyicha Qoʻshrabot tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda. Bayonotda qayd etilishicha, tekshiruv harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.