Bu esa qo‘ziqorin iste’mol qilishni yoqtiradiganlar uchun qulay fursat hisoblanadi. Biroq har qanday qo‘ziqorinni bilib-bilmay tanovul qilish ko‘ngilsiz holatlarga olib kelishi mumkin.
Shu munosabat bilan aholini qiziqtirgan qator savollar yuzasidan Sanepidqo‘mita bosh mutaxassisi Abdurahmon Ismoilov bilan suhbatlashdik.
Iste’molga yaroqli qo‘ziqorinlarni qanday ajratish mumkin?
— Darhaqiqat, iste’mol qilish mumkin bo‘lgan va zaharli qo‘ziqorinlarni bir-biridan ajratish juda murakkab. Ko‘p hollarda ular tashqi ko‘rinishi jihatidan o‘xshash bo‘ladi. Oq qo‘ziqorin, qizil qo‘ziqorin, shampinon va opyonok turlari iste’molga yaroqli hisoblanadi.
Zaharli qo‘ziqorinlar (qizil muxomor, kulrang muxomor, satanin, sariq soxta qo‘ziqorin)ni iste’mol qilish, shuningdek, tuzlangan yoki marinad qilingan qo‘ziqorinlarni ruxlangan idishlarda saqlash zaharlanishga olib kelishi mumkin.
Qo‘ziqorin qandli diabetni davolaydimi va qanday ozuqaviy qiymatga ega?
— Qo‘ziqorinlar inson ovqatlanish ratsionini boyitadigan va organizmni turli ozuqa moddalari bilan ta’minlaydigan qimmatli mahsulotdir.
Ular tarkibida ovqat hazm qilishni yaxshilaydigan, qondagi glyukoza miqdorini kamaytirishga yordam beradigan kletchatka mavjud.
Shuningdek, qo‘ziqorinlar tarkibida kalsiy va fosfor almashinuvini tartibga soluvchi, immunitetni mustahkamlovchi D vitamini bor. Bundan tashqari, B guruhi vitaminlari, ayniqsa, yurak-qon tomir tizimi va asab tizimi faoliyati uchun muhim bo‘lgan B3 vitamini ham mavjud.
Qo‘ziqorinlar qondagi xolesterin miqdorini pasaytirishga yordam beradi va qandli diabet bilan og‘riganlar uchun ham foydali.
Avtomagistral yo‘l yoqalaridan terilgan qo‘ziqorinlarni iste’mol qilish to‘g‘rimi?
— Tibbiyotdagi ko‘p yillik kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, avtomobil yo‘llari yoqalari, aeroportlar, yoqilg‘i-moy saqlash hududlari yoki kimyoviy moddalar omborlari atrofidan terilgan qo‘ziqorinlar bilan bog‘liq zaharlanish holatlari tez-tez uchrab turadi.
Bu kabi joylarda qo‘ziqorinlar transport vositalaridan chiqadigan is gazi va boshqa zararli moddalarni o‘ziga shimib oladi. Shu sababli tashqi ko‘rinishi sog‘lom bo‘lgan qo‘ziqorin ham aslida xavfli bo‘lishi mumkin.
Qo‘ziqorinlarni qaynatish orqali zaharini yo‘qotish mumkinmi?
— Zaharli qo‘ziqorinlarni qaynatish yoki suvda ivitish orqali ular tarkibidagi toksinlarni yo‘qotib bo‘lmaydi.
Bu usullar qo‘ziqorinni xavfsiz holatga keltirmaydi.
Qo‘ziqorindan zaharlanish belgilari qanday bo‘ladi?
— Qo‘ziqorindan zaharlanish, ayniqsa, bolalar va keksalarda og‘ir kechishi mumkin.
Zaharlanish belgilari 3 – 5 soatdan 20 – 24 soatgacha yashirin davrga ega bo‘lib, ba’zi hollarda 1 – 2 soatdan keyin ham namoyon bo‘ladi.
Shuningdek, bemorlarda quyidagi belgilar kuzatiladi. Xususan, ko‘p terlash, so‘lak ajralishi, ko‘zdan yosh oqishi, yurak urishining sekinlashishi, alahsirash (gallyutsinatsiya), titrash va ko‘z qorachig‘ining kengayishi yoki torayishi kabi holatlar kuzatilishi mumkin.
Biroq shunga qaramay, o‘z vaqtida ko‘rsatilgan tez tibbiy yordam bemorning ahvolini yaxshilaydi va ko‘p hollarda 1 – 2 kun ichida sog‘ayish holatlari kuzatiladi. Aks holda, kasallik og‘irlashib, hatto fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Qo‘ziqorinlarni qayerdan xarid qilish kerak?
— Qo‘ziqorin iste’mol qilish istagi paydo bo‘lganda, ularni faqat ruxsat etilgan savdo do‘konlaridan xarid qilish tavsiya etiladi.
Mahsulotning xavfsizligiga kafolat beruvchi hujjatlar mavjudligiga e’tibor qaratish va zarur hollarda veterinariya-sanitariya laboratoriyasi xulosasini talab qilish lozim.
Mutaxassis ta’kidlaganidek, yovvoyi holda o‘sgan qo‘ziqorinlar bilan bog‘liq zaharlanish holatlari tez-tez uchrab turadi. Shu bois, har bir inson qo‘ziqorin tanlashda ehtiyotkor bo‘lishi, uning turini aniq bilishi va shubhali mahsulotni iste’mol qilmasligi zarur.
Sog‘liq — eng katta boylik. Uni asrash esa har birimizdan ongli yondashuv va mas’uliyat talab etadi.
Zulxumor AKBAROVA suhbatlashdi