Uchrashuvda asosiy eʼtibor ikki davlat tashkilotlari oʻrtasida charm- poyabzal sohasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish va mamlakatlarimiz tadbirkorlari uchun biznes faoliyatni samarali yuritishida amaliy koʻmak koʻrsatishga qaratildi.
Maʼlumot oʻrnida qayd etish kerak, Atameken Olma-ota 2013-yilda tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunda 1 000 dan ortiq korxonalar ushbu tashkilotga aʼzo sanaladi. Olma-ota shahridagi barcha turdagi tadbirkorlik subyektlariga huquqiy koʻmak koʻrsatib keladi.
Muloqot avvalida Qozogʻiston tomoniga mamlakatimizdagi ishbilarmonlik muhiti, xorijiy va mahalliy investorlarga yaratib berilayotgan sharoitlar, bojxona, soliq imtiyozlari, sohaga oid Prezident qarorlari, normativ hujjatlar, ishlab chiqarish va eksport salohiyati toʻgʻrisida batafsil maʼlumot taqdim etildi.
Biznes uchrashuv chogʻida Qozogʻistonlik tadbirkorlar mamlakatimiz korxonalari bilan klasterlar tashkil etish, investitsion loyihalarni amalga oshirish, moʻynachilik sohasidagi yangi loyihalarni birgalikda tashkil etish, ulgurji savdo masalalari boʻyicha oʻz tashabbuslarini ilgari surdi.
Xususan, Olma-otalik tadbirkor shahardagi mavjud sanoat zonasida charm-poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha klaster tashkil etishga qiziqish bildirdi. Bu loyihani amalga oshirishda Oʻzbekistonning katta tajribasidan foydalanish niyatida ekanligini bildirdi. Shuningdek mazkur klaster loyihasini Oʻzbekistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikda amalga oshirish boʻyicha tashabbus bildirdi. Muloqotda mamlakatimiz korxonalari bu loyihani oʻrganib chiqishni va istiqbolli loyihani birga amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Ana shunday yirik loyihalardan yana biri moʻynachilik sohasida amalga oshirilishi kutilyapti. Qozogʻiston yengil sanoat korxonalari uyushmasi prezidenti ayni yoʻnalishda Oʻzbekiston bilan loyihani amalga oshirishga, shuningdek, autsorsing asosida moʻynali tolalarni ishlab chiqarish boʻyicha takliflarini bildirdi.
Shuningdek Qozogʻiston tomoni ulgurji savdo va reteylerlar bilan hamkorlik qilish boʻyicha oʻzbek tadbirkorlariga qator takliflarni bildirdi. Bundan tashqari Olma-ota shahrida savdo uyini ochish boʻyicha fikr almashildi.
Ikki davlat oʻrtasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha joriy yilning kuzida Toshkentda boʻlib oʻtadigan “UzCharmExpo-2022” 13-xalqaro koʻrgazmasi doirasida ikki davlat charm-poyabzal sohasidagi tadbirkorlar ishtirokida Oʻzbek-Qozoq biznes forumini oʻtkazishga kelishib olindi.
Atameken Olma-ota palatasi va unga aʼzo korxonalardan iborat delegatsiyaning kuzgi koʻrgazmada ishtiroki boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.