Qozog‘iston bilan o‘zaro sayyohlar oqimini oshirishga doir “Yo‘l xaritasi” imzolandi

    Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyati, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi hamda Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport vazirligi o‘rtasida uch tomonlama “Yo‘l xaritasi” imzolandi.

    2022-yilning 3 - 4 oktyabr kunlari Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyati hamkorligida Qozog‘istonning Turkiston shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston Turizm vazirliklari hamda turistik kompaniyalari vakillari ishtirokida “Tabarruk ziyorat” loyihasini amalga oshirishga doir forum o‘tkazildi.

    2023-yil 17-yanvar kuni esa ana shu uchrashuv davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyati, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi hamda Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport vazirligi o‘rtasida uch tomonlama “Yo‘l xaritasi” imzolandi.

    Onlayn uchrashuvda O‘zbekistonning turizm sohasi vakillari 2023 yil oktyabr oyida Qozog‘istonda o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlarning navbatdagi yig‘ilishiga taklif qilindi.

    O‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyatining tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlar orasida madaniyat va turizmni rivojlantirishga qaratilgan barcha loyihalarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

    Ma’lumot uchun, 2022 yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan umumiy sayyohlarning 57 foizi Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Shundan 30 foizi (1 550,0 ming nafardan ortiq) Qozog‘istondan tashrif buyurgan turistlardir.