«Navbatdagi masala — mamlakatni raqamlashtirish. To'liq va qisman lokdaun sharoitida kechgan hayot bu sohada ko'plab echimini topmagan muammolar borligini ko'rsatdi. O'tgan yili men xizmatlarni raqamlashtirishni 90 foizgacha etkazishni topshirgandim. Qamrovni nafaqat foizlarda, balki eng kerakli xizmatlardan real foydalanish darajasini ham oshirish lozim», — dedi Qosim-Jo'mart Toqaev.

Qozog'iston prezidenti mamlakat fuqarolarining 70 foizi smartfonlardan foydalanishiga, yirik banklar, internet-maydonchalar esa mobil servislar hisobiga kengayib borayotganiga ham e'tibor qaratdi.

«Shuning uchun ham barchasi smartfonlarga o'tishi shart. Davlat organlari raqamli formatdagi barcha asosiy hujjatlarning yuridik tan olinishi teng ahamiyatliligini ta'minlashlari kerak. Hukumat davlat xizmatlarini olishda biometrik identifikatsiyani joriy etdi. Bu tizimni iqtisodiyotning barcha sohalarida faol rivojlantirish lozim. Bu masalalarning hammasi 2021-yilda echimini topishi kerak», — dedi prezident o'z topshirig'ida.

Qozog'iston rahbari internetga ulanish real tezligi va ishonchliligi pastligi, operatorlar tarif rejalarini tinmay oshirayotgani muammosini ham tilga olgan va hukumatga iste'molchilarning huquqlarini himoyalash borasida tegishli topshiriqlar bergan.