Bu haqda «Kazinform» XIA (xalqaro informatsion agentlik) Turkiston viloyati mintaqaviy aloqa xizmatiga tayanib xabar berdi.

Uchrashuv davomida ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vaziri M.Mirzagaliyev va Oʻzbekiston suv xoʻjaligi vaziri Sh.Hamroyev ikki mamlakat oʻrtasida suv sohasida hamkorlik boʻyicha yoʻl xaritasini imzoladilar.

— Turkiston viloyati vegetatsiya davrida ekinlarni sugʻorish uchun suvga juda muhtoj. Joriy yilda Sirdaryo daryosida vaziyat unchalik yaxshi boʻlmadi. Suv tanqisligi yuzaga keldi. Shu bois Turkiston viloyati hokimligi delegatsiyasi va ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vaziri Magzum Mirzagaliyev muzokaralar olib borish va bir qator masalalarni hal qilish uchun Toshkentga tashrif buyurishdi. Muzokaralar konstruktiv va samarali boʻlganini taʼkidlayman», — dedi Turkiston viloyati hokimi Umirzoq Shukiyev Qozogʻiston ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida.

Qozogʻiston delegatsiyasi tashrifi chogʻida bir qator masalalar ijobiy hal etildi. Avvalo, bu suv resurslarini taqsimlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ning imzolanishida yaqqol namoyondir. Bundan tashqari, har ikki tomon manfaati uchun muhim ahamiyatga ega ikkinchi masala hal etildi. Bu “Doʻstlik” xalqaro kanali orqali Turkiston viloyatiga sugʻorish suvini uzluksiz yetkazib berish toʻgʻrisida kelishuvga erishilganidir. Bugundan boshlab iyul oyining oxiriga qadar kanal orqali sekundiga 80 kubometr suv mintaqaga yetkazib beriladi. Va bu juda yaxshi natija. Avgust oyida bu raqam sekundiga 70 kubometrni tashkil qiladi. “500 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan janubiy tumanlar uchun bu eng muhim masalalardan biri sanaladi. Suv masalalaridan tashqari, biz qoʻshnilarimiz bilan yana ikkita yoʻnalishda hamkorlik qila boshladik. Biz Kentau va Turkistonda yirik toʻqimachilik fabrikalarini qurish haqida muzokara olib boryapmiz. Ushbu korxonalarning ishga tushirilishi minglab ish oʻrinlarining yaratilishiga olib keladi.

Yana bir yoʻnalish — Oʻzbekiston tajribasini qoʻllagan holda Turkiston atrofida choʻl, qumli va shoʻrlangan yerlarga saksovul va butalarni ekish, shuningdek, Namangan viloyati fermerlari tajribasidan foydalangan holda mevali bogʻlar tashkil etishga kelishildi. Turkiston viloyatidan kelgan uch guruhdagi ishchilar bu yerda faoliyat olib borishyapti. Ular hademay Namangan va Qoraqalpogʻistonga yoʻl olishadi. Biz ushbu loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdormiz. Oʻz navbatida, samarali uchrashuv uchun Oʻzbekiston hukumatiga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Eslatib oʻtaman, barcha muzokaralar ikki davlat rahbarlarining nazorati ostida ", — deya taʼkidladi Turkiston viloyati hokimi.