Qozogʻistonda elektr uzatish tarmogʻi oʻchgani Oʻzbekistonga ham taʼsir qildi

    Qozogʻiston Respublikasidagi “Ekibastuz“ energetika uzelida noqulay ob-havo sharoiti tufayli 500 kVli elektr uzatish tarmogʻi favqulodda oʻchgan.

    Energetika vazirligining maʼlum qilishicha, buning oqibatida Markaziy Osiyo yagona energetika tizimida, shu jumladan, Oʻzbekistonda ham chastota tushishlari kuzatildi.

    Avariyaviy holatni bartaraf etish maqsadida ayrim hududlarda qisqa muddatli majburiy cheklovlar kiritildi.

    Maʼlumotlarga koʻra, shu kunning oʻzida 500 kVli elektr uzatish liniyasidagi nosozlik bartaraf etilgan va isteʼmolchilar taʼminoti tiklangan.