Qozogʻistonda ShHTga aʼzo davlatlar Energetika vazirlarining toʻrtinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Joriy yil 20-21-iyun kunlari Qozogʻiston poytaxti Ostona shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ga aʼzo davlatlar Energetika vazirlarining toʻrtinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Unda aʼzo davlatlar Energetika vazirlari “Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning energetika sohasidagi hamkorligini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi” loyihasini koʻrib chiqib, ShHTning navbatdagi sammitiga kiritishga kelishib oldilar.

    Hujjat 2030-yilga qadar ShHTga aʼzo davlatlar energetika sohasidagi hamkorligining asosiy yoʻnalishlarini nazarda tutadi. Jumladan, energiya resurslarining tranzit salohiyatini rivojlantirish istiqbollarini va eksport yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish imkoniyatlarini belgilash; sanoatni rivojlantirish ustuvorliklari balansini yaratish bilan yangi energiya tizimini shakllantirish; anʼanaviy energiya manbalarini modernizatsiya qilish, sanoatni tizimli takomillashtirish; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida innovatsion texnologiyalar va ilm-fanni rivojlantirish, vodorod energetikasini rivojlantirish; energiya tejash va energiya samaradorligini oshirish sohasida yangi yechimlarni joriy etish kabi muhim ishlar amalga oshiriladi.

    Energetika vazirlari, shuningdek, ShHTga aʼzo va kuzatuvchi davlatlar, muloqot boʻyicha hamkor mamlakatlarning energetika sektori barqarorligi va rivojlanishini taʼminlashga qaratilgan yangi yondashuvlarni hamda aniq yechimlarni ishlab chiqishga koʻmaklashuvchi energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga strategik yondashuvlarni muhokama qildilar.

    Vazirlar global va mintaqaviy energetika kun tartibining bugungi holati hamda rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. Energetika sanoatini rivojlantirish, xususan, ushbu sohadagi loyiha va dasturlarni amalga oshirish uchun investitsiya hamda moliyalashtirishni jalb qilish imkoniyatlarini koʻrib chiqdilar.

    Maʼlumot uchun: Shanxay hamkorlik tashkiloti mintaqaviy tashkilot boʻlib, aʼzo davlatlar oʻrtasida muloqot va hamkorlik platformasini taʼminlaydi. Bugungi kunda ShHT dunyo yalpi ichki mahsulotining qariyb uchdan bir qismini, Yevroosiyo hududining 60 foizini va sayyoramiz aholisining 42 foizini tashkil qiladi.

    ShHTga aʼzo davlatlar hamkorligi doirasida energetika sektori nihoyatda muhim. Chunki u oʻzaro hamkorlikning barcha tarmoqlari, xususan, iqtisodiy sohani rivojlantirishga xizmat qiladi. ShHT energiya resurslarning yirik ishlab chiqaruvchilarini, tranzit mamlakatlar va isteʼmolchilarni birlashtiradi.