Bu haqda Qozog'iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Qutqaruv ishlari davomida 71 kishi evakuatsiya qilindi, ulardan 8 nafari bolalar. Ular issiqlik punktlariga yetkazildi va issiq ovqat bilan ta'minlandi. Yana 11 kishi qutqarildi, ulardan 10 nafari Makinsk tuman shifoxonasiga yotqizildi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Oqmo'la viloyatining to'rtta aholi punktida issiqlik punktlari ishlashda davom etmoqda. Qutqaruv ishlariga jami 150 dan ortiq kishi va 68 ta texnika jalb qilindi.
Avvalroq “Kazavtojol” milliy avtomagistral boshqaruvi operatori matbuot xizmati respublika magistralining “Ostona-Petropavlovsk” qismida qor bo'roni va ko'rishning yomonlashishi munosabati bilan barcha turdagi avtotransport vositalarining harakatiga cheklov kiritilgani haqida xabar bergan edi. Ob-havo yaxshilanib, yo'l tozalanganidan so'ng, ichki ishlar departamenti xodimlari va “Kazavtojol” maxsus texnikasi hamrohligida Shuchinsk shahri tomon harakat tashkil etildi. Biroq haydovchilarning belgilangan tezlikka rioya qilmagani va xavfsiz oraliq masofani saqlamagani oqibatida 95 ta avtomobilning to'qnashuvi sodir bo'lgan. Ayni paytda shikast yetmagan mashinalar politsiya patrul mashinalari hamrohligida harakatlanishda davom eta boshladi, deb xabar beradi tass.ru.