Qozogʻistondagi YTHda halok boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolari orasida ikki nafar bola ham boʻlgan — TIV

    Qozogʻistonning Mangʻistau viloyatida sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisasida 6 nafar Oʻzbekiston fuqarosi halok boʻldi.

    Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, ularning barchasi Xorazm viloyatidan boʻlib, vafot etganlar orasida ikki nafar bola ham bor.

    Shu 16-oktyabr kuni soat 07:30 da Beyneu — Tajen yoʻlida Jac avtomobili ishtirokida YTH sodir boʻlgandi. Avtomobil chegaradan oʻtish uchun navbatda turgan yuk mashinasiga kelib urilgan. Mashinada jami 10 kishi boʻlgan, 6 kishi halok boʻlgan, qolgan toʻrt nafar yoʻlovchi Beyneu tuman markaziy kasalxonasiga yotqizilgan. Jabrlanganlarning ahvoli oʻrtacha ogʻir deb baholangan.

    Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, halok boʻlgan barcha fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritildi.

    Aqtaudagi bosh konsullik xodimlarimiz ularning qarindoshlari bilan bogʻlanishdi. Bugun ular Qozogʻistonga kelishadi. Yaqin kunlarda jasadlar Oʻzbekistonga olib kelinadi. Shifoxonada yotgan toʻrt nafar fuqaromizning ahvoli yaxshi, deb baholanmoqda. Ular shifoxonadan chiqqanlaridan keyin Oʻzbekistonga qaytadi. Bosh konsullik xodimlari mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda ishlamoqda, muammolar yoʻq”, — deya xabar berdi matbuot kotibi.

    Halok boʻlganlarning barchasi Xorazm viloyatidan boʻlgan — uch erkak, bir ayol va ikki nafar bola. Bir nafar erkak, ayol va ikki bola kasalxonada.