Hujjat bilan Qozogʻistondan 100 ming tonna 3-sinf bugʻdoyini (bir qismi un) maqbul narxlarda xarid qilishga ruxsat berildi.

Bosh vazirning oʻrinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziriga Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda Qozogʻiston Hukumati va “Prodovolstvennaya kontraktnaya korporatsiya” milliy kompaniyasi bilan bugʻdoyni maqbul narxlarda import qilish boʻyicha kelishuv tuzish topshirildi.

Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzdavzaxira” davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi tomonidan Qozogʻistonning oziq-ovqat kontrakt korporatsiyasi bilan aprel - iyul oylarida 100 ming tonna bugʻdoy va un yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzolanadi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga ichki va tashqi bozorlardagi vaziyatdan kelib chiqib, yana 500 ming tonna bugʻdoyni import qilish zarurati yuzasidan asoslantirilgan taklif kiritish topshirildi.

Qarorda belgilanishicha, import qilinadigan bugʻdoy (un) va oʻsimlik yogʻini temir yoʻllar orqali tashish 50 foizli chegirma bilan amalga oshiriladi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 01.04.2022-yildan kuchga kirdi.