Uchrashuvda mamlakatlar oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, oʻzaro hamkorlikda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi. “Turkiston – Chimkent – Toshkent” tezyurar temir yoʻli loyihasini amalga oshirish, “Maqtaaral – Darbaza” yangi temir yoʻl liniyasini qurish boʻyicha fikr-mulohazalar almashildi.

Qozogʻiston Respublikasi Industriya va infratuzilmalarni rivojlantirish vaziri oʻrinbosari Berik Kamaliyev hamda Oʻzbekiston Respublikasi Transport vaziri v.b. Ilhom Mahkamov oʻrtasida boʻlib oʻtgan muzokaralarda mamlakatlar oʻrtasidagi aviaqatnovlar sonini oshirish, yangi parvozlar yoʻnalishlarini ochish, xususan, Qozogʻiston shaharlaridan Samarqand va Urganch shaharlariga muntazam aviaparvozlarni yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi. Shuningdek, tomonlar epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda temir yoʻl qatnovlarini qayta tiklash masalasini muhokama etdi.

Uchrashuvning ikkinchi kunida tomonlar guruhlarga boʻlingan holda oʻz ish faoliyatni davom ettirishga kelishib oldi.