Oʻzbekiston yunon-rum kurashi boʻyicha umumjamoa hisobida 5 ta medalga sazovor boʻlib, ularning 2 tasi – kumush va 3 tasi bronza medallardir.
63 kg.gacha boʻlgan vazn toifasida hamyurtimiz Abror Atabayev ishtirok etib, bronza medalni qoʻlga kiritdi. Ushbu vaznda 1- va 2-oʻrinlar Belarus (Gleb Makarenko) va Qozogʻiston vakillari (Madiyar Maulitkanov)ga nasib etdi.
72 kg.gacha boʻlgan vazn toifasida kechgan kurashlarda ham jamoamiz vakili Jamol Jumaboyev bronza medaliga egalik qildi. Uning rossiyalik (Dmitriy Adamov) va ozarboyjonlik (Kurban Kurbanov) raqiblari oltin va kumush medalga munosib koʻrildi.
Hamyurtimiz Murodjon Alimjonov 77 kg.gacha boʻlgan vazn toifasida kurash olib borib, yunon-rum kurashi boʻyicha “Qozon 2021” oʻyinlarining kumush medali sohibiga aylandi. Rossiya (Islom Aliyev) va Qozogʻiston (Rasul Junis) vakillari oltin va bronza medallarni qoʻlga kiritishdi.
82 kg.gacha boʻlgan vazn toifasida bellashuvga kirishgan Muhammadqodir Rasulov ham kumush medalga loyiq koʻrildi. Oltin medal — Aues Gonibov (Rossiya) va bronza medal Orunkul uulu Bekzat (Qirgʻiziston)ga nasib etdi.
Temurbek Nasimov 130 kg.gacha boʻlgan vazn toifasida bronza medalini qoʻlga kiritdi. Oltin va kumush esa Ozarbayjon (Sarxan Mammadov) va Belarus (Nikita Kovalskiy) vakillariga nasib etdi.
4-sentyabr kuni MDH davlatlari oʻyinlarida erkin kurash bahslari boʻlib oʻtadi. Bundan tashqari, kechki payt musobaqalarning rasmiy ochilish marosimi oʻtkaziladi.
Yunon-rum kurashi bellashuvlari yakuniga koʻra, Rossiya jamoasi — 5 ta, Ozarbayjon jamoasi — 3 ta va Belarus vakillari 2 ta oltin medalni qoʻlga kiritishdi. Umumjamoa hisobida ushbu sport turi boʻyicha 7 mamlakat jamoalari sovrinlarni qoʻlga kiritishdi.