Qaror bilan Qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizom QQSning salbiy farq summasini qoplash, shuningdek, boshqa soliqlar boʻyicha qarzdorlik hisobiga qoplashni tartibga soladi.
Nizomga koʻra, arizalar soliq toʻlovchi hisobga olingan joydagi soliq organlariga shaxsiy kabinet orqali beriladi.
Soliq organi hujjatlar toʻliq boʻlmasa, 5 kunda hujjatlarni soliq toʻlovchiga qaytaradi.
Hujjatlar toʻliq boʻlganida soliq organi 50 kungacha muddatda arizada qayd qilingan, QQSning asoslanganligi yuzasidan kameral nazorat oʻtkazadi.
Nazorat natijalariga koʻra, soliq organi QQSni toʻliq yoki qisman qaytarish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va uning nusxasi soliq toʻlovchiga yuboriladi.
Soliq toʻlovchi qaror nusxasini olganidan boshlab 3 kunda tafovut aniqlangan davr uchun soliq hisobotini beradi.
Qoplanishi lozim boʻlgan soliq summasi soliq organi tomonidan mustaqil ravishda soliq toʻlovchining boshqa soliqlardan boʻlgan qarzlariga yoʻnaltirilishi mumkin.