Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti 2019-yilda Quacquarelli Symonds (QS) xalqaro reyting agentligining Rivojlanayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari reytingida 301-350 oʻrinda qayd etilishi mamlakatlarimiz oliy taʼlim muassasalari tarixida erishilgan yuqori natija boʻlgan edi. Mazkur natija QS ning 2020-yilgi yillik hisoboti (Yearbook) da ham oʻz aksini topdi.
OʻzA manbasida qayd etilishicha, maqolada, institutning QS EECA reytingidagi ishtiroki, yoshlarga yaratilgan global standartlar asosidagi yuqori sifatli taʼlim olish imkoniyati, ilmiy hamda akademik izlanishlar uchun xizmat qilayotgan laboratoriyalar haqida maʼlumotlar keltiriladi. Pandemiya sharoitida boʻlsa-da, taʼlimda uzluksizlik taʼminlangani taʼkidlanadi.
QS-GEN (Global Education News) xabarnomasi QS WOWNEWS jurnali vorisi boʻlib, joriy yilning avgust oyida birinchi sonini nashr qildi. Xabarnomada dunyo OTMlari yangiliklari, shu jumladan, talabalar va professor-oʻqituvchilar yutuqlari, dastur ishlanmalari, ilmiy yutuqlar, innovatsiyalar, xalqaro hamkorlik va hamkorlik doirasida tuzilgan shartnomalar, talabalar shaharchasi va OTM huzuridagi ilmiy markaz hamda laboratoriyalar faoliyati haqidagi muhim yangiliklar berib boriladi.