Xususan, 2021-yilda 4 ta oliy taʼlim muassasasi (“TIQXMMI” MTU, OʻzMU, SamDU va TDTU) xalqaro eʼtirof etilgan QS ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo – EECA mintaqaviy reytingida 251-400 oʻrinlarga kirganligi ilk natija deyish mumkin.
2022-yilda Oʻzbekiston milliy universiteti mazkur tashkilotning “Predmet (fan) reytingi”da “Matematika” boʻyicha dunyoning eng kuchli 500 ta universiteti qatoridan joy oldi.
Ushbu natijalar salmogʻini yanada oshirish maqsadida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining Ilm-fan va innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari Rahimjon Hakimov va QS (Quacquarelli Symonds) reyting agentligining Oʻrta Osiyo va Sharqiy Yevropa boʻyicha mintaqaviy direktori Sergey Xristolyubov oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda mutaxassislar tomonidan respublika oliy taʼlim muassasalarining jahon reytingida oʻrin egallash imkoniyatlari va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Shuningdek, ushbu yoʻnalishdagi kamchiliklar va ularning yechimlari, reyting sohasiga masʼul kadrlarni tayyorlash hamda malakasini oshirish borasida oʻzaro fikr almashinildi. Bu borada tizimda uchrayotgan bir qator masalalar koʻrib chiqildi.
Ushbu hamkorlikni davom ettirish maqsadida QS reyting agentligi tomonidan vazirlik bilan yangi shartnomalar imzolash istagi bildirildi.