Mamlakatimizda 2022—2026-yillarda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi. Unda qurilish materiallari tarmog'ini yanada takomillashtirish, sohaga xorijiy investorlarni keng jalb qilish, eksport ko'rsatkichlarini oshirish hamda yangi sanoat korxonalarini tashkil etish ko'zda tutilgan. Bu haqidagi ma'lumotlarni “O'zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi rasmiy manbasi orqali xabar berdi.

Dasturga muvofiq, 2026-yilga borib tarmoq bo'yicha mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 42,3 trillion so'mga etkazish va bunda yuqori qo'shilgan qiymatli mahsulotlarning ulushini 2016-yildagi 32,3 foizdan 53 foizgacha yetkazish belgilangan. Natijada, asosiy turdagi qurilish materiallariga bo'lgan talab mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan to'liq qoplanadi. Jumladan, gazobeton, issiqlik saqlovchi izolyatsiya materiallari, qurilish oynasi, sement kabi mahsulotlar bo'yicha ichki talab qoplanib, mahsulotlarning bir qismi xorijga eksportga yo'naltiriladi.

Shuningdek, 2026-yilga borib qurilish materiallarining eksporti 1,084 mlrd dollarga yoki 2021-yilga nisbatan 2,5 baravarga oshiriladi. Asosiy turdagi qurilish materiallarining importi 2020-yilga nisbatan 60 foizga kamayib, 2026-yilda 185,6 mln dollarni tashkil etadi. Tarmoqni rivojlantirishga 2 mlrd dollarlik invenstitsiyalar jalb qilinadi. Yangi investitsiya modelini amalga oshirish natijasida 2021-2025-yillarda 19,5 mingta yangi ish o'rinlari tashkil etiladi.

Ushbu davrda mahalliylashtirilgan qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi joriy yildagidan 1,7 baravarga oshirilib 1,55 trln so'mga yetkaziladi. 2022—2026-yillarda 7 turdagi yangi innovatsion qurilish materiallarini ishlab chiqarish o'zlashtiriladi.