Qurilish materiallari sanoati yangi davr, yangi imkoniyatlar

    Sanoat 14 Sentabr 2021 9177

    Bugungi kunda mamlakatimizning barcha shahar va tumanlarida keng koʻlamdagi qurilish-bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlari olib borilmoqda. Buni soʻnggi 4 yilda qurilgan aholi turar joylarining oʻrtacha soni avvalgi davrdagi koʻrsatkichdan 4−5 baravar koʻpligida ham koʻrish mumkin.

    Qishloq va shaharlar ulkan bunyodkorlik ishlari bilan qamrab olinib, soʻnggi 3 yilda umumiy maydoni 41 million kvadrat metrli 155 mingta uy-joy foydalanishga topshirildi. 2021-yil yakuniga qadar esa 54 ming oilani uy-joy bilan taʼminlash uchun davlat dasturlari doirasida 45 mingta uylar qurilishi tugallanib, yakka tartibda 6,5 mingta uy qurilib, aholiga foydalanishga topshiriladi. 2021-yilda aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturi doirasida 11 trillion 500 milliard soʻm mablagʻ sarflanishi rejalashtirilgan. Maʼlumotlar qurilish materiallariga boʻlgan talab yanada oshishini koʻrsatadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 9-iyunʼdagi “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlarni yuksaltirdi. Hujjat bilan qurilish materiallari ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, tarmoq korxonalarini modernizatsiya qilish, texnologik va texnik qay¬ta jihozlash uchun xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish hamda uning eksport salohiyatini oshirish va ularda korporativ boshqaruv xal¬qaro standartlarini joriy etishga qaratilgan maqsadlarni amalga oshi¬rish yoʻlga qoʻyildi.

    Qurilish sohasida ishlab chiqarish korxonalari tomonidan aholini sifatli qurilish materillari bilan taʼminlash, tarmoq korxonalarini modernizatsiyalash orqali, import hajmini kamaytirib, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali yangi ish oʻrinlarini yaratish, pirovardida ichki bozorda qurilish materiallari narxining oshib ketishining oldini olish va ularni arzonlashtirish soha rivojida muhim omil boʻlmoqda.

    Oʻtgan yillar mobaynida Oʻzbekistonda yangi sanoat obyektlari, turar-joylar, taʼlim va tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy-maishiy obyektlarni taʼmirlash va rekonstruksiya qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilib, ularda zamonaviy arxitektura va yuqori texnologiyali qurilish materiallari qoʻllanildi.

    Ijtimoiy soha obyektlari, noturar va aholi turar joylari uchun sifatli, arzon, zamonaviy qurilish materiallari zarur boʻlmoqda. Zamonaviy arxitekturada esa ularning zilzilabardoshligi ham ahamiyatga ega. Mana shu ehtiyoj mamlakatimiz sanoatida oʻsishni talab qilmoqda. Davlatimiz tomonidan bu boradagi yuksalish uchun qulay zamin yaratildiki, 2017-yilga qadar tarmoqda 7 ming 995 korxona faoliyat yuritgan boʻlsa, hozirgi kunda mamlakatimizda 11 mingdan ortiq qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ayni davrda 180 turdagi qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Bu koʻrsatgich oʻtgan 2017-yilda 120 turni tashkil qilar edi.

    Soha samaradorligini oshirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash, mahalliy xom ashyoni chuqur qayta ishlash jarayoniga ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlarini diversifikatsiya qilish va eksport hajmini kengaytirish, tarmoqqa investitsiyalarni jalb qilish maqsadida hukumatimiz tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinib, zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi.

    Buning natijasida ushbu yoʻnalishdagi korxonalar tomonidan 2016-yilda 6,8 trillion soʻm miqdorida materiallar ishlab chiqarilgan boʻlsa, 2020-yilda bu koʻrsatkich 3,2 barobarga oshirildi.

    Sohaning istiqboli haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, 2021-yil yakuniga qadar sement ishlab chiqarish quvvatlari hajmini 17 million tonnaga, arxitektura-qurilish oynasini 32 million kvadrat metrga, gulqogʻozlarni 4,5 million rulonga yetkazib, mahalliylashtirish hajmi kengaytiriladi.

    Taʼkidlash joiz, soʻngggi yillarda qurilish materiallari sohasida zarur boʻlgan xom-ashyo masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilib, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida 50 ming kub metrdan, Surxondaryo viloyatida 150 ming kub metr, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro va Xorazm viloyatlarida jami 50 ming kub metr yogʻoch-qipiq plitasi toʻliq mahalliy xom ashyodan ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

    Birgina 2018-yilda qurilish materiallarini ishlab chiqarish boʻyicha yangi quvvatlarni ishga tushirish boʻyicha koʻrilgan aniq chora-tadbirlar materiallar narxining pasayishida asosiy omillardan biri boʻldi. Jumladan, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida yiliga 1,5 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan yangi zavod ishga tushirildi. Jizzax viloyatida yiliga 2,5 ming tonna bazalt armaturasi, Toshkent viloyatining “Angren” erkin iqtisodiy zonasi hududida yiliga 3,5 million kvadrat metr keramik plitka va 180 ming tonna metall armatura, Surxondaryo viloyatida 160 ming kvadrat metr tabiiy toshni qayta ishlash orqali gabbro va granit plitalari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Qamish va gʻoʻzapoya asosida Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida yiliga 30 ming kub metr yogʻoch-qipiq plitasi ishlab chiqarish zavodlari ish boshladi. Soha materiallarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish avvalambor aholimiz uchun katta foyda, boisi mahsulot narxi arzonlashadi, qolaversa bu davlat iqtisodiyotiga katta foyda keltirishi bilan ham ahamiyatli.

    Bugungi kunda talab etilayotgan sifatli qurilish materiallarini ishlab chiqarish turlarini kengaytirish, ichki bozorni import oʻrnini bosuvchi va raqobatbardosh qurilish materiallari hamda mahalliy ishlab chiqarilgan buyumlar bilan toʻldirishga muhim vazifa sifatida qaralayotgani ham bejiz emas.

    Quvonarlisi, yurtimiz qurilish korxonalarida ishlab chiqarilgan keramik plitkalar, santexkeramika mahsulotlari, quruq qurilish aralashmalari, pishgan gʻisht, tabiiy toshdan yasalgan qoplovchi buyumlar, ohak, polipropilen quvurlar, fitinglar singari qurilish materiallariga Rossiya, Ukraina, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afgʻoniston bozorlarida talab ortib bormoqda. Tahlillarni keltiradigan boʻlsak, 2016-yilda 55,3 mln dollar miqdorida materiallar eksport qilingan boʻlsa, 2020-yilda bu koʻrsatkich 257 mln dollarga, yaʼni 4,6 barobar oshdi. 2021-yilda esa 270 mln dollar miqdoriga eksport hajmi oshishi kutilmoqda.

    Soʻnggi toʻrt yilda mamlakatimizda devorbop materiallarning vaqt boʻyicha bardoshliligi, har xil iqlim sharoitiga chidamliligi va mustahkamligini oshirishga yoʻnaltirilgan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi. Izlanishlar natijasida mahalliy xomashyo asosida sanoat va qishloq xoʻjaligi chiqindilaridan foydalanib, samarali devorbop buyumlar ishlab chiqarishning energiya tejamkor texnologiyasi yaratilgani taklif etilayotgan mahsulot tannarxining arzonlashuviga sabab boʻldi.

    Prezidentimizning 2019-yil 23-maydagi “Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida ham qurilish tarmogʻida devorbop materiallarining yangi zamonaviy turlarini ishlab chiqarish va kengaytirish borasidagi maqsadlar qamrab olingan. Mazkur qaror ijrosi bilan respublikamizda 2019-2025-yillarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, qazib olish va qayta ishlash asosida qurilish industriyasining xom ashyo bazasi hajmi oshiriladi.

    Yana bir muhim jihat borki, oxirgi yillarda qurilish sohasidagi ishlar holatini oʻrganish orqali islohotlarni jadal amalga oshirishga va sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan muammolar bartaraf etildi. Sohani texnik tartibga solishning normativ bazasini isloh qilishda geologik, tabiiy-iqlim, seysmologik xususiyatlarni inobatga olgan holda milliy qurilish normalari qayta koʻrib chiqilib, xorijiy normativ-texnik hujjatlarga moslashtirilishiga alohida eʼtibor berilmoqda. Mana shu moslashuv amaliyotda qoʻllanilib, qurilish sohasiga innovatsiyalar joriy etildi.

    Qurilish materiallari sanoatining rivojlanishi va uning istiqbollari sabab energiya tejamkorlik boʻyicha xalqaro standartlariga javob beradigan zamonaviy qurilish materiallarining yangi turlari, xususan gaz beton bloklar, gipsli karton plitalar, quruq qorishmalar, sement asosida tom yopqich materiallar, polipropilen quvurlari va mahsulotlari, keramik sanitar texnik buyumlar, marmar va travertin mahsulotlari, yogʻoch qirindili plitalar, bazaltdan tayyorlanadigan kompozit armatura, “sendvich” panellari, issiqlik saqlovchi materiallar oʻzlashtirildi.

    Shuningdek, mahalliy xom ashyoni chuqur qayta ishlash yoʻlga qoʻyildi, raqobatbardosh va eksportga yoʻnaltirilgan qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi va turi kengaytirildi. Bu oʻz navbatida yangi turdagi yuqori sifatli qurilish materiallariga boʻlgan ichki talabni qondirmoqda.

    Bu kabi yutuqlarimiz ichki va tashqi bozorlarda qurilish materiallariga boʻlgan talab konyunkturasini, shuningdek, chet el bozorlarining rivojlanish tendensiyalarini oʻrganish asosida yangi mahsulot turlarini oʻzlashtirish, ichki bozorni mahalliy qurilish materiallari bilan toʻldirish va ularning eksport geografiyasini kengaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarning natijasi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Axir ilgʻor xorijiy tajriba va respublikaning xom ashyo zaxirasini inobatga olgan holda yangi qurilish materiallari va ulardan foydalanish texnologiyalarining joriy qilinishi katta muvaffaqiyat degani.

    Arzon va sifatli qurilish materiallari ishlab chiqarish, bu yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani nafaqat ichki bozorni taʼminlash, balki xorijiy davlatlarga eksport qilishga ham imkoniyat yaratmoqda. Bunyodkorlik bor joyda taraqqiyot boʻladi. Soha taraqqiyotiga qaratilgan ishlar yurtimizni yanada rivojlantirish barobarida xalqimiz faravonligiga xizmat qiladi.

    Ravshan NURIMBETOV,

    Toshkent arxitektura-qurilish instituti professori